Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kriket yoshlarimizning sevimli sport turiga aylanmoqda
11:23 / 2021-06-22

Kriket mamlakatimizda hali yangi sport turlaridan sanaladi.Shunday bo‘lsa-da, 2019 yilda tashkil etilgan mazkur sport turining aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ommaviyligini ta’minlash yuzasidan O‘zbekiston kriket federatsiyasi tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, jamoalar shakllantirilib, federatsiya tomonidan turli musobaqalar ham yo‘lga qo‘yildi. Kriket eng ommalashgan va rivojlangan davlatlarning jamoalari bilan o‘tkazilayotgan o‘rtoqlik o‘yinlari jamoalarimizning tajriba orttirishida, iqtidorli kriketchilarni saralash va terma jamoalarimizga munosiblarni jalb etishga qaratilgan. O‘tkazilayotgan o‘rtoqlik uchrashuvlarida esa kriketchilarimiz ustunlikka ham erishmoqda.  

Poytaxtimizdagi O‘zbekiston Mudofaa vazirligiga qarashli sport majmuasida mamlakatimiz kriket federatsiyasi Hindistonning O‘zbekistondagi elchixonasi va qo‘shma korxonalari vakillari bilan hamkorlikda kriket bo‘yicha ikkinchi o‘rtoqlik musobaqasini o‘tkazdi. Mazkur hamkorlikdagi do‘stona uchrashuvda Qashqadaryoning “Barlos” kriket klubi jamoasi Hindistonning “India Club Tashkent” klubi jamoasiga qarshi bahs olib bordi. Uchrashuvda “Barlos” jamoasi raqiblariga munosib qarshilik ko‘rsatib, ikki bo‘limdan iborat o‘yin yakuniga ko‘ra, 4 ochko farqi bilan (75:71) g‘alaba qozondi.  

E’tiborli jihati, “India Club Tashkent” jamoasi o‘tgan oyda o‘tgan o‘rtoqlik uchrashuvida Toshkentning “Anfa” jamoasiga qarshi o‘yinda ham 1 ochko farqi bilan mag‘lubiyatga uchragandi.

Yurtimizda kriketni yanada ommalashtirish, muammo va kamchiliklar, oldinda turgan rejalar borasida olib borilayotgan ishlar haqida O‘zbekiston kriket federatsiyasi raisi Aziz Mixliyev O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi.

– Bugun ikkita jamoa o‘rtasidagi o‘yinga guvoh bo‘ldik. O‘tgan safargi o‘yinda raqib jamoa mag‘lubiyatga uchragani bois, bizni qayta o‘rtoqlik o‘yiniga taklif etdi. Bu galgi o‘yinda jamoamiz oldingi o‘yindagidan ham yuqori natija bilan raqiblarimizmi mag‘lubiyatga uchratdi. Demak, bu natijadan ko‘rinadiki, mamlakatimizda kriket rivojlanib, asta- sekin professional darajaga ko‘tarilayotganidan darak beradi.  

Dunyoning 104 mamlakatida kriket professional darajada faoliyat ko‘rsatadi. Shundan 12 ta davlat xalqaro kriket kengashining to‘liq a’zosi hisoblanadi. 92 ta davlat esa xalqaro kriket kengashiga qo‘shilish huquqiga ega. O‘zbekiston kriket federatsiyasining oldida bir nechta ulkan maqsad va vazifalar turibdi. Avvalo, federatsiyamizni, yuqorida ta’kidlaganimizdek, xalqaro kriket kengashiga qo‘shishdir.  

Buning uchun xalqaro kriket kengashi tomonidan bir qator talablar qo‘yilgan. Ushbu talablar ustida faol ishlar olib bormoqdamiz. Biroq talablarni bajarish oson bo‘layotgani yo‘q. Chunki rasmiy ishlardan tashqari, ular qo‘ygan talablarni mamlakatimizda joriy qilish, ya’ni kriket maydonchalarining yo‘qligi, kriket bo‘yicha shug‘ullanuvchi o‘g‘il-qizlarimizning kriketga mos keng stadionlarda to‘qmoqda urish singari bir qancha mashg‘ulotlarni emin-erkin bajarolmayotgani ishimizga biroz to‘siq bo‘lib turibdi. Yana bir jihatni hisobga olishimiz kerakki, kriket orqali biz ertaga O‘zbekistonga ko‘plab investorlarni, turistik sayyohlarni jalb qilishimiz mumkin. Bu borada “Kriket va turizm” degan mavzuda ilmiy ishlar olib borilgan va bu, o‘z isbotini topgan.

Kriket sport turini mamlakatimizda rivojlantirish orqali aynan atrofimizdagi Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston, Bangladesh, Shri-Lanka va shunga o‘xshash yaqin davlatlardan ko‘plab xorijiy sayyohlarni olib kirishga erishamiz. Hamkorlik doirasida ham keng ko‘lamli ishlar boshlangan. Ichki hamkorlik doirasida Davlat statistika qo‘mitasi bilan kelishuvga erishdik. Endilikda statistika qo‘mitasi xodimlari bilan jamoalar shakllantirilgan holda ham o‘yinlar tashkil etiladi. Bundan tashqari, biz yaqinda xalqaro hamkorlik doirasida Afg‘oniston kriket kengashi bilan muzokaralar olib bordik. Va ular bilan hamkorlik memorandumini imzoladik.

Memorandumdan maqsad, avvalo, Afg‘oniston kriket kengashi xalqaro kriket kengashining to‘liq a’zosi hisoblanadi va ularda kriket professional darajada rivojlanganki, xalqaro kriket olamida o‘z mavqeiga ega. Bizga ulardan kriket trenerlarini tayyorlash, kriket bo‘yicha texnik va taktik usullar, jamoalarni shakllantirish kabi o‘zaro yordamalmashishlarni nazarda tutganmiz.  

Ha, so‘nggi yillarda mamlakatimizda sportga qaratilayotgan ulkan e’tibor samarasida bir qator yangi sport turlari aholi o‘rtasida ommalashmoqda. Bu esa aholi, ayniqsa, yoshlarimizning sport bilan muntazam shug‘ullanishi orqali salomatliklarini yanada mustahkamlashiga katta imkoniyat yaratadi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA