Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kriket: Maqsadlar ulkan, ammo muammolar ham kichik emas!
15:27 / 2021-12-30

Bugun sport har bir inson hayotining ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Bu esa biz, insonlarni sog‘lom turmush tarzi tomon yetaklashi shubhasiz.

Davlatimiz rahbari tomonidan sport va jismoniy tarbiyaga qaratilayotgan ulkan e’tibor samarasida avvallari yurtimizda bo‘lmagan sport turlari tashkil etilmoqda. Jumladan, ommaviyligi jihatidan futboldan keyin ikkinchi o‘rinda turuvchi va bugungi kunga kelib jahonning 4 milliarddan ortiq aholisining sevimli sport turiga aylangan kriket xalqimiz o‘rtasida ommalashmoqda.

O‘zbekiston kriket federatsiyasi 2019 yilda tashkil etilgan bo‘lib, 29 noyabrida federatsiya Adliya vazirligi ro‘yxatidan o‘tkazildi. O‘zA muxbiri kriket sport turining yurtimizga kirib kelishi, federatsiya tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar va maqsad-vazifalari xususida O‘zbekiston kriket federatsiyasi raisi Aziz MIXLIEV bilan suhbatlashdi.

– Hindiston davlatida o‘qib yurgan paytlarimda menda kriketga qiziqish paydo bo‘ldi, shug‘ullandim, mahoratimni oshirdim va hatto oliy o‘quv yurti jamoasida ishtirok etardim. O‘sha yillari albatta kriket sport turini mamlakatimizda joriy etishni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘ydim. Ushbu maqsad yo‘lidagi sa’y-harakatlarim, mamlakatimizda sportga qaratilayotgan e’tibor samarasida 2019 yili orzuim ushaldi. Tashkiliy jarayonlar davomida qiyinchiliklarga ham duch kelindi. O‘sha paytdagi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi mutasaddilari federatsiya faoliyatini boshlash uchun yaqin ko‘makchi bo‘ldi.

– Federatsiya tashkil etilganidan so‘ng dastlabki ishlar ko‘lami qanday kechdi?

– Avvalo, jamoalarni shakllantirdik. Hozirgacha 6 ta 13 yoshgacha, 4 ta 19 yoshgacha, 4 ta kattalardan iborat hamda 1 ta xotin-qizlar jamoalarini tashkil qildik. Ushbu jamoalar zarur jihozlar, sport formalari bilan ta’minlandi. Bundan tashqari, O‘zbekistonda istiqomat qilib, turli sohalarda mehnat qilayotgan chet ellik mutaxassislardan iborat 2 ta jamoa ham shakllangan. Respublikamizning Qashqadaryo, Farg‘ona, Samarqand, Toshkent, Surxondaryo, Buxoro va Xorazm singari viloyatlarida ham jamoalar mavjud. O‘tgan davr davomida yig‘ilgan jamoalar o‘rtasida kriket bo‘yicha musobaqalar rejaga ko‘ra muntazam o‘tkazilmoqda.

– Kriket sport turining istiqbollari xaqida ham to‘xtalib o‘tsangiz?

– Kriket rivojlanishi davlatimiz uchun katta naf keltiradi. Ayniqsa, mamlakatimizning turistik salohiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Misol uchun, mazkur sport turi bo‘yicha xalqaro musobaqalar yurtimizda o‘tkaziladigan bo‘lsa, mamlakatimizga kriket muxlislari – turistlarning kelishi bir necha barobar oshadi. Mazkur sport turi rivojlangan Hindiston, Pokiston kabi davlatlarning kriketchilari ishtirokida bizda musobaqalar, turnirlar o‘tkazilsa, o‘sha mamlakatlarning muxlislari yurtimizga oshiqishi tayin. O‘zbekistonda kriket sport turi rivojlansa, yangi turistik markazlar, aviatashuvchi kompaniyalar, homiylar va investorlar ko‘payib boradi. Kriket sport anjomlari, kiyim-kechaklari, ya’ni sport formalarini sotish ham yana bir biznes sanaladi. Hozirda Hindiston, Pokiston, Bangladesh, Afg‘oniston singari davlatlarda ushbu sport turi rivojlanishi barobarida, kriket sport anjomlari, kiyim-kechaklarini ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yilgan va bu katta daromad keltirmoqda. Mamlakatimizda kriketning rivojlanishi O‘zbekiston sayyohlik tizimi taraqqiyotiga ham turtki bo‘lishiga shubha yo‘q.

Yurtimizda xalqaro musobaqalar o‘tkazilsa, uning translyatsiyasi dunyo bo‘ylab tarqaladi. Deylik, musobaqa 2 soat davom etsa, uning orasidagi 10 daqiqalik tanaffusda yurtimizning turistik markazlari – Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz kabi me’moriy maskanlari, ulug‘ ajdodlarimiz, buyuk allomalarimiz haqida teleroliklar, eng maftunkor turistik maskanlar haqida videolavhalar qo‘yib borilsa, to‘rt milliardlik kriket ishqibozlarining kamida 50 foizi shu o‘yinlarni televideniye orqali kuzatib, qanchadan-qancha muxlislarning O‘zbekistonga kelish ishtiyoqi ortadi va ular uchun kriket ajoyib tashrif qog‘ozi bo‘lib xizmat qiladi. Bu degani, ko‘p sonli turistlar, yangi xizmat ko‘rsatish tuzilmalari – restoran, kafe va boshqa hordiq chiqarish ob’ektlarining ochilishiga, kriket sport anjomlari, kiyim-kechaklari fabrikalari faoliyati yo‘lga qo‘yilishiga, xullas, katta-katta investorlarning mablag‘larini yurtimizga jalb etishga olib keladi.

– Yoshlar o‘rtasida mazkur sport turini ommalashtirish va seleksiya ishlari haqida to‘xtalib o‘tsangiz?

– Yoshlar o‘rtasida seleksiya va targ‘ibot ishlariga ham alohida e’tibor qaratganmiz. 2021 yilning yanvar oyida federatsiya O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi tomonidan reyestrga kiritildi. Bu hujjat orqali sport-ta’lim muassasalarida kriket sport turini joriy etish, yoshlarimizga bu sport turi bilan muntazam shug‘ullanish uchun imkoniyatlar yaratildi. Federatsiya O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport universiteti rahbariyati bilan hamkorlikda mazkur oliy ta’lim dargohida kriket kafedrasini ochish, talaba-yoshlar o‘rtasida ushbu sport turini keng rivojlantirish masalalari bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ni rejalashtirdi. 2020 yilning noyabr-dekabr oylarida Angliyadan mohir murabbiy, o‘z davrida Afg‘oniston terma jamoasi murabbiysi bo‘lgan Endi Moles taklif etilib, kriket sporti bo‘yicha 30 ga yaqin murabbiyga mahorat darslari o‘tib berdi. Tajribali murabbiylar hozirga kelib Toshkent, Samarqand, Farg‘ona, Buxoro, Qashqadaryo, Xorazm viloyatlarida turli yoshdagi jamoalarni shakllantirish ishlarini olib bormoqda. Pandemiya tufayli ish-rejalarimizni ozgina ortga surishga majbur bo‘ldik. Olib borilayotgan sa’y-harakatlar tufayli 2000 nafardan ziyod yoshlarimiz kriket sport turi bilan muntazam shug‘ullanishga kirishgan.

– Mazkur sport turi bo‘yicha hamkorlik aloqalari qay darajada rivojlanib bormoqda?

– O‘zbekiston kriket federatsiyasi halqaro hamkorlik aloqlarini ham keng yo‘lga qo‘ygan. Rossiyaning «Rossiya kriket» jamoasi bilan hamkorlik memorandumi imzolangan. O‘zaro tajriba almashish, dasturlar va ma’lumotlar almashinuvini nazarda tutuvchi mazkur hujjat bo‘yicha Rossiya kriket kengashi prezidenti Sergey Tretyak bilan kelishuvga erishilgan. Turkiya va Tojikiston kriket federatsiyasi bilan hamda Hindiston va Pokiston davlatlarining elchixonalari bilan hamkorlik bo‘yicha o‘zaro kelishuvlar imzolangan. Yaqinda Pokiston kriket kengashi raisi Ihson Moniy mamlakatimizda kriket rivojlanishi uchun xayrixoh ekanligini va bu borada har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi. Tez kunlarda O‘KF va Pokiston kriket Kengashi o‘rtasida memorandum imzolanishi ko‘zda tutilmoqda. 2020 yili O‘KF raisi sifatida BAAning Dubay shahrida Xalqaro Kriket Kengashi (ICC) va Osiyo Kriket kengashi (ACC) rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazib qaytdik. Unda O‘zbekiston kriket federatsiyasining xalqaro va Osiyo kriket kengashi a’zoligiga qabul qilinishi masalasi muhokama qilindi. Ular mamlakatimizda kriket sport turining tezroq rivojlanish bosqichiga o‘tishiga xayrixoh ekanliklarini bildirishdi. O‘zaro kelishuvga muvofiq, Osiyo kriket kengashi rasmiylari O‘zbekistonga tashrif buyurib, O‘KF faoliyatining ilk natijalari bilan tanishib, xulosalarini xalqaro kengash rahbariyatiga taqdim etishni rejalashtirishgan. Ishonch bilan aytishim mumkinki, tez orada O‘zbekiston kriket federatsiyasi ham OKKning to‘laqonli a’zosi bo‘lib, ro‘yxatdan o‘tadi.

– Har bir sohada yutuq va muammolar bo‘lishi tabiiy. bugungi kunda federatsiyani qanday muammolar qiynayapti?

– Eng katta muammolardan biri Osiyo va xalqaro kriket kengashiga kirishimizdir. Ushbu muammolar shundan iboratki, O‘KF hisobida kamida 2 ta stadion va bitta kriket akademiyasi tashkil etilganlik talabi qo‘yilgan. Hozir federatsiya u yoki bu stadionni ijaraga olib, musobaqa tashkil etishga majbur bo‘lyapti. Bundan tashqari, federatsiya oldida yechimini kutayotgan muammolar talaygina.

– Oldinda turgan rejalar haqida...?

– Ayni paytda O‘zbekistonda kriketni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasi ustida ish olib borilmoqda. Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosida bizga Toshkent viloyati Qibray tumanida 4 gektarlik yer ajratilgan bo‘lib, mamlakatimizda birinchi 80x60x70 metr o‘lchamdagi oval stadion qurish bo‘yicha loyiha ishlab chiqildi. Ushbu stadionni 2022 yil fevral ohiriga qadar qurish rejalashtirilgan. Yangi mavsumda yurtimizda kriket bo‘yicha musobaqalar o‘tkazishni rejalashtirmoqdamiz. Darhaqiqat, kriket bugun yoshlar qalbidan asta-sekin joy olmoqda. Umid qilamizki, mazkur sport turi yanada ommalashib, yurtimizdan jahon chempionlari chiqadi.

 

O‘zA muhbiri Javohir TOSHXO‘JAEV suhbatlashdi.