Yozgi olimpiya o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan sport turlari orasida ommaviyligi jihatdan futboldan keyin ikkinchi o‘rinda turuvchi kriket yer yuzidagi 4 milliarddan ortiq aholining sevimli sport turi hisoblanadi.
O‘zbekiston kriket federatsiyasi 2019 yilda tashkil etilgan bo‘lib, mamlakatimizda qisqa fursatda 6 ta 13 yoshgacha, 14 ta 19 yoshgacha, 4 ta kattalardan iborat hamda 9 ta xotin-qizlar jamoalari tashkil etilgan.
Bundan tashqari, yurtimizda turli sohalarda mehnat qilayotgan chet ellik kriket sport turiga qiziquvchilardan iborat 2 ta jamoa tashkil etilgan.
Mamlakatimizning Toshkent shahri, Qashqadaryo, Farg‘ona, Samarqand, Toshkent, Surxondaryo, Buxoro va Xorazm singari viloyatlarida kriket jamoalari mavjud bo‘lib, o‘tgan davr mobaynida ular o‘rtasida musobaqalar o‘tkazilib kelinmoqda.
[gallery-26488]
Ayni paytda kriket bo‘yicha erkaklar va ayollardan iborat terma jamoalar shakllantirilib, navbatdagi yozgi olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida kriket federatsiyasining yil yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ushbu sport turining rivoji, uning ommaviyligini ta’minlash, zarur infratuzilmani yaxshilash xususida so‘z bordi.
Anjumanda ishtirok etgan O‘zbekiston kriket federatsiyasi raisi Aziz Mixliyev, Afg‘oniston kriket kengashi bosh kotibi Nasib Xon va boshqalar jurnalistlarning savollariga javob berdi. Osiyo va xalqaro kriket kengashi bilan manfaatli hamkorlik o‘rnatilganini ta’kidlab, kriket sport turi rivoji yo‘lida o‘tgan davr mobaynida Angliya, Hindiston, Pokiston singari bir nechta davlatlarning kriket kengashlari bilan memorandumlar imzolanganini qayd etdi.
Savol-javoblarga boy kechgan anjuman yakunida O‘zbekiston kriket federatsiyasi va Afg‘oniston kriket kengashi o‘rtasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazish, mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashish borasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
T.Ro‘ziyev, A.Mamadaminov (surat), O‘zA