RF prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovning aytishicha, Kreml uchun AQSH tomonidan taklif qilingan dastlabki “tinchlik rejasi” ko‘p jihatdan maqbul hisoblanadi. U Yevropa tomoni taklif qilgan Rossiya – Ukraina ziddiyatini tugatish bo‘yicha o‘zgartirish loyihasini mukammal emas, deb baholadi.
Qiziq jihati, Ushakov Jenevada AQSH va Ukraina delegatsiyalari muhokama qilgan “tinchlik rejasi”ning aynan qaysi talqinini nazarda tutganiga aniqlik kiritmagan. Rejaning hech bir shakli rasman e’lon qilinmagan, faqat ba’zi moddalari haqida ayrim OAV e’lon qilgan, xolos.
“Tinchlik rejasi” atrofida juda ko‘p mish-mishlar bor, Rossiya faqat AQSHdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri olgan ma’lumotlarga ishonadi, deb yozib chiqdi “TASS” axborot agentligi.
Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livittning aytishicha, yangilangan reja yana bir bor Rossiya tomoniga taqdim etilishi kerak. Ya’ni, bundan ko‘rinadi-ki, Jenevada muhokama qilingan reja hali Kremlga taqdim etilmagan. Livitt AQSH va Ukraina yetakchilari shu hafta ichida uchrashuvi rejalashtirilmaganini bildirdi.
Ayrim nashrlar Yevropa tomoni rejaga kiritgan o‘zgartirishlar Kiyev manfaatlariga mos keladi, harqalay bir qator muhim bandlarni sezilarli ravishda yumshatadi, deb yozmoqda. Kreml vakili esa garchi rasmiy bo‘masa-da, bu kabi xabarlarga o‘z munosabatini bildirgan.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/qjKuczBaHZ4?si=LWdV0Er9PqqkppdW" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>K.Bekjonov, O‘zA