Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Novgorod viloyatidagi Valday qarorgohiga dronlar orqali ehtimoliy hujum uyushtirildi, degan xabarlar tarqaldi.
Shundan so‘ng Moskva muzokaralardagi pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqishini bildirdi. Rossiya rasmiylariga ko‘ra, bu masala AQSH bilan olib borilayotgan muzokaralarga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bu haqda Yevronyus xabar tarqatdi.
Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovning aytishicha, Vladimir Putin AQSH prezidenti Donald Tramp bilan telefon muloqotida Rossiya oldingi kelishuvlarni qayta baholashi mumkinligini aytgan. Shu bilan birga, Moskva tinchlikka erishish bo‘yicha AQSH bilan hamkorlikni davom ettirish niyatida ekanini ta’kidlagan.
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov esa ushbu ehtimoliy hujumda Ukrainani ayblab, “bunday harakatlar javobsiz qolmasligi”ni bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Valdaydagi davlat qarorgohiga 90 dan ortiq uchuvchisiz qurilmalar bilan hujum uyushtirilgan.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy esa bu ayblovlarni rad etib, Kreml bayonotlarini “navbatdagi yolg‘on” deb atadi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya AQSH va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarni izdan chiqarishga urinayotgan bo‘lishi mumkin.
Zelenskiy, shuningdek, Rossiya tomonidan Ukrainadagi fuqarolik ob’ektlariga, jumladan Kiyevga yangi hujumlar xavfi borligidan ogohlantirdi. Ayni paytda AQSH vositachiligida urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda, ammo tomonlar o‘rtasida keskinlik saqlanib qolyapti.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/KtEAWRE1joo" title="Kreml Ukrainaga tahdid qildi..." frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjanov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA