Davlat rahbari tashabbusi bilan tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida imtiyozli kreditlar ajratilishi ham yo‘lga qo‘yilgan. Biroq, mas’uliyatsizlik, imkoniyatlarni to‘g‘ri baholamaslik va huquqiy madaniyat yetishmasligi sabab banklar bilan tuzilgan shartnoma shartlariga rioya qilmaslik holatlari hamon uchrab turibdi.
Qonunchilikda shartnoma shartlari buzilganligi bois banklar kredit foiz qarzi va ajratilgan kreditni muddatidan oldin to‘liq undirish bo‘yicha sudlarga da’vo arizasi kiritishi mumkin.
Garov mulki asosida olingan kredit qarzdorligi to‘liq bartaraf qilinmagan taqdirda esa undiruv garov mulkiga qaratiladi.
Shartnoma shartlariga rioya qilmaslik bank mijoziga qo‘shimcha xarajat, tashvish va muammolar olib kelishi tabiiy holat. Byuro organlari ish yurituvdagi banklar foydasiga hal qilingan sud qarorlari ijrosini ta’minlash borasida muayyan ishlarni amalga oshirmoqda.
Jumladan, Buxoro tumanlararo iqtisodiy sudining 2022 yil 29 avgustdagi ijro hujjatiga asosan qarzdor “Avalon Logistik” MCHJdan “Xalq banki” foydasiga 2022 yil 15 iyun holatida yuzaga kelgan muddati o‘tmagan qarzdorligi 166.560 AQSH dollari, muddati o‘tgan qarzdorlik 41.640 AQSH dollari, kreditning foizi 34.341 AQSH dollari, jami 242.542 AQSH dollari va oldindan to‘langan 24.000 so‘m pochta xarajatini undirish, undiruvni “Avalon Logistik” va “Afruza Karavan Trans” MCHJlarga tegishli garovdagi mol-mulklarga qaratish to‘g‘risidagi ijro hujjati Byuroning Buxoro shahar bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va ijro harakatlariga kirishilgan.
Ijro harakatlari davomida qarzdor tarafga ijro hujjatining mazmun mohiyati to‘liq tushuntirilib, bartaraf etish uchun ixtiyoriy muddat berilgan bo‘lsada, ijro hujjati talablari bajarilmagan.
Bo‘lim davlat ijrochilari tomonidan amalga oshirilgan majburiy ijro harakatlari davomida qarzdor “Avalon Logistik” MCHJga tegishli 2015 yilda ishlab chiqarilgan 1 ta “MATIZ” rusumli avtomashina va 2019 yilda ishlab chiqarilgan 2 ta “ASIA STAR” rusumli avtobuslar hamda “Afruza Karavan Trans” MCHJga tegishli 2014 yilda ishlab chiqarilgan 3 ta “SPARK” rusumli avtomashinalar belgilangan tartibda xatlanib, vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Hozirgi kunda mazkur avtotransport vositalarini realizatsiya qilish maqsadida “E-auksion” elektron savdo maydonchasi orqali savdoga chiqarilgan.
Kelgusida avtotransport vositalari sotuvidan tushgan mablag‘lar hisobidan kredit qarzdorligini qoplash choralari ko‘riladi. Hozirda, qarzdor MCHJga tegishli garovga qo‘yilgan boshqa mol-mulklarni xatlash borasidagi ijro harakatlari davom etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA