English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kreditni talon-toroj qilgan jamiyat rahbarlariga jinoyat ishi ochildi
19:17 / 2023-03-17

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotib olish uchun hududiy tijorat banki filialidan tadbirkorga 70 ming AQSH dollari miqdoridagi kredit mablag‘i ajratilgan. Biroq mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari Sh.B. boshqa xususiy korxona rahbari Sh.T. bilan o‘zaro til biriktirib, mahsulotlar yetkazib berilganligi haqida soxta hujjatlarni rasmiylashtirgan. Ular ushbu mablag‘larni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

Ushbu holat Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Uzun tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlangan.

Yana boshqa mas’uliyati cheklangan jamiyatlarda ham shunday hol kuzatilgan. K.A va F.M. qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotib olish uchun bank filialidan ajratilgan 800 million so‘m kredit mablag‘ini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.  

Departamentning Karmana tumani bo‘limi tomonidan «Qishloq qurilish bank» hududiy boshqarmasining murojaatiga asosan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “K.F.» mas’uliyati cheklangan jamiyati mas’ul shaxslari va boshqalar maishiy texnika va qurilish materiallarini xarid qilish uchun ushbu bank filialidan ajratilgan 546,6 million so‘m kredit mablag‘ini boshqa maqsadlarda sarflab, talon-toroj qilgani aniqlandi.  

Departament matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.                                                                                      

O‘zA