Farmon va ijro
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 29 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida bir qator hujjatlar ishlab chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 26 avgustdagi “Toshkent davlat yuridik universiteti magistraturasiga o‘qishga qabul qilish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori va shu qaror asosida Toshkent davlat yuridik universitetida ta’limning kredit-modul tizimida o‘quv jarayonini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi hamda Adliya vazirligining yuridik texnikumlarida ta’limning kredit-modul tizimida o‘quv jarayonini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi tasdiqlangan nizomlar shular sirasidan.
Unga ko‘ra, TDYUU o‘quv jarayonida kredit-modul tizimi Kredit to‘plash va ko‘chirishning Yevropa modeli (European Credit Transfer and Accumulation System - ECTS)ra muvofik tashkil qilinadi.
Kredit-modul tizimining yangiligi nimalardan iborat?
Birinchidan, o‘quv rejasi majburiy va tanlov fanlari asosida ishlab chiqiladi hamda ta’lim oluvchiga o‘zining ta’lim dasturini mustaqil shakllantirish imkoniyati yaratiladi. Ta’lim oluvchi tomonidan muayyan modul (fan) bo‘yicha o‘zlashtirilgan o‘quv yuklamasi kreditlar asosida hisoblanadi. Ikkinchidan, Toshkent davlat yuridik universitetida bakalavriat va magistraturada o‘quv yili (semestr) boshida talabalarning shaxsiy ta’lim trayektoriyasi shakllantiriladi, talabalar fan (modul) va o‘qituvchilarni tanlash bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkaziladi hamda akademik guruhlar tuziladi.
Xuddi shunday ta’lim tizimi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi yuridik texnikumlarida o‘quv yili (semestr) boshida o‘quvchilarning shaxsiy ta’lim trayektoriyasi shakllantiriladi, o‘quvchilar fan (modul) va o‘qituvchilarni tanlash bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkaziladi hamda akademik guruhlar shakllantiriladi, har o‘quv yilida o‘quv rejasiga muvofiq, dars jadvali shakllantiriladi va o‘kuv jarayoni amalga oshiriladi xamda doimiy ravishda ta’lim natijalari bo‘yicha talabaning kreditlari hisoblanadi.
E’tiborli jihati shundaki, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat yuridik universitetida ta’limning kredit-modul tizimi to‘liq joriy etiladi. Bunda Toshkent davlat yuridik universiteti ta’lim dasturi katalogi va o‘qitish sharoitlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar hamda dolzarb axborotlar uning rasmiy veb-saytida ta’lim beriladigan barcha tillarda o‘quv yili boshlanishidan kamida bir oy oldin joylashtiriladi va doimiy ravishda yangilab boriladi.
Ikkinchidan esa ta’lim sifatini oshirish va professor-o‘qituvchilar o‘rtasida raqobatni shakllantirish maqsadida Toshkent davlat yuridik universiteti kengashi qaroriga asosan talabalarga fan doirasida professor-o‘qituvchilarni tanlash imkoniyati beriladi. Talabalar ta’lim jarayonini boshqarish axborot tizimi portali orqali o‘quv semestri boshida tanlangan professor-o‘qituvchining mashg‘ulotida ishtirok etish uchun onlayn tarzda ro‘yxatdan o‘tishadi. Bu jarayon har bir professor-o‘qituvchini o‘z fani, ya’ni modulining zamon bilan hamnafas bo‘lishiga, talabalarga innovatsion usullar orqali yetkazish jarayonini kuchaytirishiga da’vat etadi.
TDYUUda tashkil kilingan xorijiy til va huquqni o‘rganish markazlarida talabalar tomonidan o‘rganilgan modullar TDYUU kengashi tomonidan o‘zlashtirilgan deb tan olinishi hamda kredit berilishi mumkin. Demak, ushbu nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llanilgan:
akademik mobillik – TDYUU talabalarining muayyan vaqt mobaynida respublika hududidagi yoki xorijiy davlatdagi boshqa bir oliy ta’lim tashkilotiga o‘qish maqsadida borishi;
kredit – ta’lim olish natijalariga ko‘ra talaba tomonidan muayyan fan bo‘yicha o‘zlashtirilgan o‘kuv yuklamasining o‘lchov birligi;
kreditlarni ko‘chirish – talabalarning akademik mobilligini ta’minlash maqsadida bir oliy ta’lim tashkiloti ta’lim dasturi bo‘yicha olingan kreditlarni boshqa oliy ta’lim tashkilotiga ko‘chirish va tan olish;
kredit to‘plash – ta’lim elementlarini o‘zlashtirish va boshka yutuqlarga erishish natijasida taqdim etiladigan kredit birliklarini to‘plash kabi ta’lim kreditiga oid tushunchalarga izoh berilgan.
Ta’kidlash kerakki, bunday tizim professor-o‘qituvchilarni ham o‘z ustida ishlashga chorlaydi. Chunki o‘quv jarayoni talabalar, professor-o‘qituvchilar va ma’muriyat o‘rtasida ochiq muloqot shaklida talabaga yo‘naltirilgan yondashuv asosida rejalashtiriladi. Ushbu jarayonda talabalarning talab va istaklari muhokama qilinadi. Barcha manfaatdor tomonlar ta’lim dasturining yaratilishi va o‘zlashtirilishining konstruktiv muhokamasiga jalb etilishi mumkin. Bunday muhokamalarda talabalar vakillari ovoz berish hukuqi orqali ishtirok etishi mumkin. O‘quv rejasiga talabalar tomonidan ixtiyoriy ravishda o‘zlashtiriladigan ko‘shimcha kreditlar ajratiladigan ta’lim elementlari kiritiladi. Talabaning jamoat ishlari, ilmiy to‘garaklar, yuridik klinikalar faoliyatidagi ishtiroki hamda xorijiy mutaxassislar tomonidan o‘tkaziladigan qisqa muddatli kurslardagi ishtiroki rag‘batlantirilib, kreditlar ajratiladi.
Endi e’tibor bering: agar talaba professor-o‘qituvchining mashg‘ulotini tanlamasa, fan-modul taqdiri nima bo‘ladi?
Bo‘lajak yurist uchun fanning dolzarbligi, ahamiyati muhim. Zero, Rimning mashhur yuristi Mark Tulliy Sitseren aytganidek, “Sudyadan qo‘rqmang, nari borsa, u ham sizu bizdek odamda, sud hokimiyatini hurmat qiling, kerak bo‘lsa, sudyani ham sud qiladi”.
Darhaqiqat, bo‘lajak yurist kuchli bilimi, axloqiy va ma’naviy boyligi, nazariya bilan amaliyotni qiyosiy tahlil etishi bilan insonlar taqdiriga befarq bo‘lmasligi, qonun ustuvorligini ta’minlaydigan, adolatparvar, haqiqatparvar bo‘lib yetishishi lozim.
Zero, mazkur qarordan ko‘zlangan maqsad yuridik ta’lim tizimining eng so‘nggi yutuqlarini joriy etishdir. Bunda yuridik texnikumlarda xorijiy hamkorlar bilan birgalikda tashkil etilgan oliy ta’lim tizimi bilan integratsiyalashgan ta’lim dasturlarini tugatgandan so‘ng, ushbu xorijiy oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni davom ettirgan va uni muvaffaqiyatli tamomlagan shaxslarga (yuridik texnikum bitiruvchilariga) xorijiy oliy ta’lim muassasalarining belgilangan shaklda berilgan diplomlari (bakalavriat, magistratura) O‘zbekiston Respublikasida qo‘shimcha ma’muriy tartib-taomillarsiz oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadi.
Firuza MUHITDINOVA,
Toshkent davlat yuridik universiteti
professori.
O‘zA