Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kredit mablag‘larini talon-toroj qilish holatlari aniqlandi
11:03 / 2023-02-24

“N.A.” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari N.M. va boshqalar “Mikrokreditbank” ATB Kattaqo‘rg‘on filialidan korxonaga parrandachilikni rivojlantirish uchun ajratilgan 900 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘ini soxta hujjatlarni rasmiylashtirish orqali boshqa maqsadlarda sarflab, talon-toroj qilgan.

Bu Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Kattaqo‘rg‘on shahar bo‘limi tomonidan “Mikrokreditbank” ATB Kattaqo‘rg‘on filialining murojaatiga asosan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlangan.  

Departamentning Xiva tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro M.R. 245 million so‘m kredit evaziga xarid qilingan “Malibu-2” rusumli avtotransport vositasini garovga qo‘ymasdan boshqa shaxsga sotib yuborib, ushbu mablag‘larni shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgani aniqlangan.  

Departamentning Chiroqchi tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “V.G.” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari B. R. (muqaddam firibgarlik va boshqa jinoyatlari uchun sudlangan) va boshqalar ta’minotchi korxona sifatida 5 nafar fuqaroga chorva mollarini yetkazib bermasdan, bank filialidan ajratilgan 150 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘ini talon-toroj qilgani aniqlangan.  

Departament matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 168-moddasi (firibgarlik) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.  

 

O‘zA