Kredit mablag‘lari tadbirkorlarga maqsadli sarflab, faoliyatini rivojlantirish uchun beriladi. Ammo ayrim tadbirkorlar olingan kreditlarni boshqa maqsadda sarflab, talon-toroj qilayotgan holatlar uchramoqda.
“A.S.” mas’uliyati cheklangan jamiyati mas’ul shaxslari korxonaga hududiy tijorat banki filialidan ajratilgan kredit mablag‘i evaziga garovga qo‘yilgan 700 million so‘mlik zanjirli ekskavatorning zavod seriya raqamlarini qalbakilashtirib, sotib yuborgan. Oqibatda bank manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilgan.
Bu holat Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yangihayot tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlangan.
Departamentning Yakkasaroy tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa fuqaro F.R. o‘zi norasmiy boshqarib kelayotgan “M.P.” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga soyali shrot xomashyosi sotib olish uchun ajratilgan kredit mablag‘idan 328 ming yevroni boshqa maqsadlarda sarflab, talon-toroj qilgani aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 168-moddasi (firibgarlik) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
O‘zA