Majburiy ijro byurosi Navoiy viloyati boshqarmasi va hududiy bo‘limlari tomonidan banklar foydasiga undiruv bilan bog‘liq ijro hujjatlarining ijrosi yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda tijorat banklari tomonidan aholi vakillari va tadbirkorlarga turli imtiyozli shartlar asosida kredit mablag‘lari ajratilmoqda. Ushbu imtiyoz va imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanib, yurt farovonligiga hissa qo‘shayotgan, o‘z vaqtida berilgan kredit mablag‘larini qaytarayotgan tadbirkor va jismoniy shaxslar ko‘plab topiladi. Biroq ayrim bank mijozlari tomonidan bu mas’uliyat unutib qo‘yilmoqda.
Byuroning viloyat boshqarmasi va bo‘limlari tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida bank undiruvlari bo‘yicha 732,2 milliard so‘mlik 17 ming 511 ta ijro ishi bo‘yicha ijro harakatlari olib borilgan bo‘lib, 281 milliard so‘mlik 5 ming 733 ta ijro hujjatining ijrosi tamomlangan.
Ijro hujjatlari yuzasidan jami 251,8 milliard so‘mlik 607 ta mol-mulk xatlanib, 139,6 milliard so‘mlik 537 ta mol-mulk onlayn auksion savdolariga chiqarilgan. Shuningdek, tijorat banklari foydasiga 101,5 milliard so‘mlik kredit qarzdorligini undirish maqsadida undiruv 6 ming 501 nafar qarzdorning ish haqisiga qaratilgan.
Bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri