Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kredit mablag‘lari hisobiga pomidor ishlab chiqarish hajmi oshmoqda
18:16 / 2021-03-19

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasi hamisha muhim va e’tibortalab sohalardan biri bo‘lgan.

So‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ko‘paytirish, yangi texnologiyalarni qo‘llash orqali xarajatlarni kamaytirishga va hosildorlikni oshirishga bo‘lgan e’tibor kuchaydi. Natijada Markaziy Osiyoda ham, Yevropada ham asosiy savdo markazlarida xaridorlar O‘zbekiston mahsulotlaridan foydalanishni ma’qul ko‘rmoqda.

Bu esa ishlab chiqarishga innovatsiyalarni keng miqyosda tatbiq etish, zamonaviy issiqxonalar sonini ko‘paytirish, bu boradagi xorijiy tajribani o‘rganish, samarali mehnat qilayotgan tadbirkorlarga keng imtiyoz va imkoniyatlar yaratishni talab etadi. Bu rivojlanishning asosi. Oddiy fermer xo‘jaliklaridan 2-2,5 baravar katta bo‘lgan gidroponik tizim mineral o‘g‘itlar samaradorligini tuproq va go‘ng ishlatmasdan oshiradi va, eng muhimi, eksport mahsulotlarini ishlab chiqarishda juda qulay.

Yurtimizga keladigan xorijiy professor yoki ishbilarmon, sayyoh bo‘ladimi, ular “Sizning yurtingiz – jannatning o‘zi, yeringiz esa – oltinga teng” degan gapni ko‘p bor aytadi. Mamlakatimizga tashrif buyuradigan sayyohlar o‘zining ilk taassurotlarini, meva va sabzavotlarimizning sifatli, mazali ekanini qayd etishdan boshlaydi.

Bu ham bir hikmat. Oltinga teng tuproqdan unumli foydalanayotgan yurtdoshlarimiz ham talaygina.

Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi yangi issiqxona “Uzmilliybank”AJning 1,1 million AQSH dollaridan ziyod kredit mablag‘lari hisobiga pomidor mahsulotlari yetishtirilmoqda. Asosiy maqsad, pomidor yetishtirib ichki va tashqi bozorni sifatli mahsulotlar bilan to‘ldirishdir. Loyiha Turkiyadan keltirilgan texnologiyalar asosida “Angren Istiqbol Baraka” korxonasi tomonidan amalga oshirilib, yuqori sifatli pomidor mahsulotlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Ob’ektning umumiy maydoni 1,5 gektarni tashkil etadi. Muhimi, bu yerda mavsumda har gektaridan 250 tonna mahsulot ishlab chiqarilmoqda, 70 foiz mahsulot eksport qilinishi rejalashtirilgan.

Issiqxona barcha standartlarga javob berishi bilan birga, ish jarayonida zamonaviy texnologiyalardan unumli foydalaniladi. Deyarli barcha jarayonlar avtomatlashtirilgan tizim orqali ishlaydi. Shamollatish tizimlari, sovutish kompressorlari, havo harorati, namlik va issiqlik sezgichlari va radiatorlar hammasini muvozanatda ushlab turadi.

Issiqxona harorati, suv va ozuqaviy talablar kompyuter texnologiyalari yordamida sinchiklab tahlil qilinadi va tajribali agronomlar tomonidan miqdoriy hisob-kitoblar o‘tkaziladi. Turli minerallar bilan boyitilgan suv tomizish usuli bilan o‘simlikning ildiziga yetkaziladi. Ushbu loyiha natijasida 15 ga yaqin mahalliy aholi ish bilan ta’minlandi.

Ajratilgan mablag‘lar, innovatsiyalar va taqdim etilayotgan imkoniyatlar beiz ketmayapti. Uning samaradorligini bu kabi istiqbolli loyihalar misolida ko‘rish mumkin. Endi oldinda turgan vazifa – bu sektorni yanada rivojlantirish va meva-sabzavotlarni yetishtirish, tayyorlash, qadoqlash va eksport qilish zanjirini qamrab olgan klasterlar tuzishni tezlashtirishdir.

O‘zA