Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumanida yashovchi fuqaro K.A. ko‘p kvartirali uy sotib olish maqsadida aksiyadorlik-tijorat “Agrobank”ning tuman filialidan yillik 18 foiz stavkada kredit rasmiylashtirgan.
Amaldagi tartibga ko‘ra, ushbu kreditning 4 foizi davlat jamg‘armasi tomonidan qoplanishi belgilangan bo‘lsa-da, bank tomonidan ushbu imtiyoz amalda qo‘llanilmay, fuqaro kredit bo‘yicha to‘liq 18 foiz miqdorida to‘lovni amalga oshirib kelgan. Ushbu holatdan norozi bo‘lgan fuqaro K.A. Ellikqal’a tumani Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga ariza bilan murojaat qildi. Murojaat mutaxassislar tomonidan batafsil va qonunchilik talablariga muvofiq o‘rganib chiqildi hamda aniqlangan holat yuzasidan bank rahbariyatiga rasmiy ma’lumotnoma kiritildi.
Biroq bank tomonidan iste’molchi murojaatiga lozim darajada munosabat bildirilmaganligi sababli, mazkur masala prokuratura organlariga olib chiqildi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishtirokida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida jamg‘arma tomonidan qoplanishi lozim bo‘lgan 4 foizlik imtiyoz asossiz ravishda undirilgani o‘z tasdig‘ini topdi.
Natijada kredit foizi 18 foizdan 14 foizga tushirilib, fuqaro tomonidan ortiqcha to‘langan mablag‘ tegishli hujjatlar asosida to‘liq qaytarib berildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri