Markaziy bank tijorat banklarining kredit shartnomalarida to‘lovlar kechiktirilganda qo‘llanilayotgan jarima va sanksiyalar bo‘yicha tahlil o‘tkazdi. O‘rganishlar natijasida ayrim amaliyotlar adolat va mutanosiblik tamoyillariga zid ekani aniqlandi.
Xususan, ayrim banklarda kechiktirilgan to‘lovlar uchun hisoblanadigan foiz stavkalari shartnomada belgilangan yillik stavkadan bir necha barobarga oshib, ayrim holatlarda yillik 150-180 foizgacha yetgani, kredit bo‘yicha foiz to‘lovlari kechiktirilganda eng yuqori chegarasi belgilanmagan kunlik penya qo‘llanilayotgani, kreditorning haqiqiy xarajatlari bilan bog‘liq bo‘lmagan qo‘shimcha bir martalik jarimalar undirilayotgani ma’lum bo‘ldi.
Shu munosabat bilan Markaziy bank kechiktirilgan majburiyatlar uchun qo‘llaniladigan sanksiyalar kompensatsion xarakterga ega bo‘lishi kerakligini, qarz oluvchilar uchun to‘lovni kechiktirish bilan bog‘liq moliyaviy oqibatlar aniq va oldindan tushunarli bo‘lishini, kredit shartnomalarida javobgarlik choralarini adolat va mutanosiblik tamoyillari asosida belgilash zarurligini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, avvalroq Raqobat qo‘mitasi va Markaziy bank o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan bo‘lib, u asossiz narx oshishi va monopol mavqe suiiste’mol qilinishiga qarshi kurashish hamda narx shakllanishi jarayonlarining shaffofligini ta’minlashga qaratilgan.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA