Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kredit ajratish muddati 10 kundan 3 kungacha qisqartirildi
18:40 / 2022-09-22

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi tomonidan O‘zsanoatqurilishbank tizimida transformatsiya jarayonlari hamda davlat dasturlari ijrosini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.

Seminarda qayd etilganidek, Prezidentimizning “2020-2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni bilan bank tizimini isloh qilishning keng miqyosli yo‘nalishlari belgilab berildi.

O‘zsanoatqurilishbank tomonidan Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) ekspertlari ko‘magida olib borilayotgan keng ko‘lamli transformatsiya jarayonida ushbu farmon talablariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, transformatsiya jarayonlarining dastlabki bosqichida bank faoliyati to‘liq diagnostikadan o‘tkazildi, boshqaruv tizimi va tashkiliy tuzilma xalqaro talablarga muvofiqlashtirildi, tarmoqlar faoliyati mahsulot sotishga yo‘naltirilib, tashkiliy tuzilma takomillashtirildi hamda barcha tarmoqlar sotuv kanallariga aylantirildi.

Sohada olib borilgan ishlar natijasida jismoniy va yuridik shaxslarga xizmat ko‘rsatishda hujjatlar rasmiylashtiruvi soddalashtirildi. Jismoniy shaxslarga kredit ajratish muddati 10 kundan 3 kungacha, talab etiladigan hujjatlar soni 10 tadan 2 taga qisqartirildi. Yuridik shaxslarga kredit ajratish muddati esa 30 kundan 10 kunga, talab etiladigan hujjatlar soni 32 tadan 10 taga kamaytirildi. Natijada bank tizimida kredit ajratish tezkorligi yuridik shaxslar uchun 2,6 barobarga, jismoniy shaxslar uchun 1,6 barobarga oshirilib, chakana mijozlar soni 1,7 barobarga o‘sdi. Bank mahsulotlari soni 1,5 barobarga ko‘paydi.

Mutaxassislarning qayd etishicha, bank xizmatlari bilan bir qatorda onlayn bozorni o‘zida birlashtirgan unikal platforma – JOYDA ilovasi ishga tushirildi. Mijozlar ushbu ilova orqali barcha turdagi an’anaviy bank xizmatlaridan onlayn tarzda samarali foydalanib kelmoqda.

Xalq vakillari sohada olib borilayotgan ishlar yuzasidan o‘z fikr-mulohaza va takliflarini bildirdilar.

Seminarda shuningdek, Prezidentimiz tomonidan davlat dasturlari borasida bank zimmasiga yuklangan vazifalar va ularning ijrosi ham taqdimot qilindi. Jumladan, respublikada qurilish materiallari ishlab chiqarish sanoatini yanada rivojlantirish, ichki bozorni mahalliy qurilish materiallari bilan to‘ldirish, sohaning eksport salohiyatini oshirish va loyihalarni moliyalashtirishda bank mas’ulligida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA