Mirzaobod tumanida “Kreativ tadbirkor yoshlar” loyihasining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish, ularning innovatsion g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, istiqbolli loyihalarni aniqlash hamda amaliyotga tatbiq etish maqsadida tashkil etildi.
Tadbir O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi tashabbusi bilan Buxoro innovatsiyalar universiteti majlislar zalida o‘tkazildi. Unda faol yoshlar o‘z biznes rejalari va startap loyihalarini taqdim etdilar.


Tadbir davomida tumanda istiqomat qilayotgan tashabbuskor yoshlar tomonidan turli yo‘nalishlardagi g‘oyalar ilgari surildi. Loyihalar xizmat ko‘rsatish, hunarmandchilik, qishloq xo‘jaligi, raqamli texnologiyalar hamda onlayn savdo sohalarini qamrab oldi. Ayniqsa, axborot texnologiyalariga asoslangan innovatsion ishlanmalar, energiya tejamkor yechimlar va elektron ta’limga oid takliflar ishtirokchilar hamda mutaxassislar tomonidan katta qiziqish bilan tinglandi.
Loyiha doirasida “Kreativ tadbirkor yoshlar” biznes forumi, kreativ g‘oyalar yarmarkasi, master-klass va treninglar, hunarmandlar ko‘rgazmasi, “Deputat va yoshlar” muloqot uchrashuvi hamda sport tadbirlari tashkil etildi. Ushbu tadbirlar yoshlarga tajriba almashish, mutaxassislar bilan fikr yuritish va o‘z loyihalarini yanada takomillashtirish imkonini berdi. Tadbirda oliy ta’lim muassasalari talabalari, texnikum va litsey o‘quvchilari hamda partiya Yoshlar qanoti a’zolari faol ishtirok etdilar.


Tadbir yakunlariga ko‘ra, eng istiqbolli deb topilgan loyihalar saralab olindi. Jumladan, Abbos Xolboyevning “Elektron darslik”, Javohir Erkinovning “Aqlli xarita”, Davronbek Karamatullayevning “Mexanik energiyadan elektr energiya olish” loyihalari g‘olib deb e’tirof etildi. G‘oliblarga tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi hamda ularni kelgusida qo‘llab-quvvatlash yuzasidan amaliy takliflar bildirildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri