Olmaliq shahrida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Toshkent viloyati Kengashi tashabbusi bilan “Kreativ tadbirkor yoshlar biznes forumi” o‘tkazildi.
Unda tajribali tadbirkorlar ishtirokida biznes treninglar, kreativ g‘oyalar yarmarkasi, “Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” mavzusidagi seminar, “Deputat va yoshlar muloqot uchrashuvi”, “Hunarmandlar ko‘rgazmasi” kabi 15 dan ortiq tadbirlar qizg‘in ruhda o‘tdi.
Tadbirda partiya Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosarlari Gulshana Xudoyorova, Jamoliddin Meliboyev, Oliy Majlis Senati a’zosi Mahmud Toir, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Viktor Pak, Atxam Nazirqulov, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyat Kengashi raisi Sayyora Fayziyeva, partiya viloyat Kengashi raisi To‘lqinjon Fayziyev va mutasaddilar, hududdagi oliygohlar rahbariyati, ilg‘or tajribali tadbirkorlar, korxona va tashkilotlarda faoliyat yurituvchi yoshlar, talabalar ishtirok etdi.
Dastlab namoyish qilingan kreativ g‘oyalar yarmarkasida 20 nafar startapchi yoshlarning loyihalari, IT yo‘nalishidagi ixtirolar, muhandislik ishlanmalar, 5 nafar imkoniyati cheklangan yoshlar tomonidan ishlab chiqilgan mahsulotlar va xizmatlarni namoyish etadigan ko‘rgazma hamda loyihalarning taqdimoti tashkil etildi.
Shuningdek, hunarmandlar ko‘rgazmasida 40 nafar ustalarning milliy hunarmandchilik buyumlari namoyish qilinishi barobarida master-klass ham tashkil etildi. Shundan so‘ng tadbirning barcha ishtirokchilari “Metallurglar” madaniyat saroyining katta zaliga jamlandi. Unda “Kreativ tadbirkor yoshlar biznes forumi” qizg‘in va ko‘tarinki ruhda o‘tdi.
Kunning ikkinchi yarimida Milliy tadqiqot texnologik universiteti “MISiS” Olmaliq filialida “Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” mavzusidagi seminar hamda “Yoshlar tadbirkorligi, kreativ iqtisodiyot va innovatsiya sohalaridagi yutuqlari” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi. Bunda asosiy e’tibor, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish, veb-dasturlash, kiberxavfsizlik, mobil ilovalar yaratish masalalariga qaratildi.
Olmaliq davlat Texnika institutida tahsil oladigan talabalar bilan “Tadbirkor xotin-qizlar faoliyatini yo‘lga qo‘yishning muammolari” mavzusida yosh xotin-qizlar uchun alohida tadbirkorlik seminari ham tashkil qilindi. Jarayonda yosh, tashabbuskor xotin-qizlarning biznes faoliyatini yo‘lga qo‘yishda duch keladigan asosiy muammolarni muhokama qilish va ularga amaliy yechimlar topishga bag‘ishlandi.
Seminarning bosh maqsadi yosh xotin-qizlarning tadbirkorlik sohasidagi faoliyatini boshlash va rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni aniqlash, shuningdek, ularga moliyaviy, huquqiy va psixologik qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini tanishtirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir yakunlariga ko‘ra, eng faol loyiha mualliflari va startapchilar maxsus sertifikat va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
A. Musayev, O‘zA.