Kecha poytaxtimizdagi Xalqaro Vestminster universitetida (TXVU) Magistratura dasturlari uchun “Ochiq eshiklar kuni” bo‘lib o‘tdi.
Qayd etish joiz, tadbir mazkur ta’lim dargohida amalga oshirilayotgan xalqaro darajadagi magistrlik yo‘nalishlari, shuningdek, mamlakatimizda akademik va kasbiy rivojlanishning yangi imkoniyatlari bilan tanishish uchun muhim muloqot maydoniga aylandi.
Bugungi kunda TXVU biznes va moliyadan tortib xalqaro huquq, sog‘liqni saqlash va kreativ sohalar kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan 12 ta magistratura dasturini taklif etadi. Ularning barchasi Britaniya ta’lim tizimi standartlariga javob beradi va bitiruvchilarga Londondagi Vestminster universiteti tomonidan akkreditatsiyadan o‘tgan xalqaro darajadagi diplom beriladi.
Kreativ iqtisodiyotga bo‘lgan qiziqishning yurtimiz va jahon miqyosida sezilarli darajada ortib borayotgani ushbu dastur ishlab chiqilishining asosiy omillaridan biri bo‘ldi. O‘zbekistonda ushbu yo‘nalish barqaror rivojlanish, innovatsiyalar va madaniy o‘sishning muhim omillaridan biri sifatida qaralmoqda. Shu bilan birga, mazkur magistratura dasturining joriy etilishi O‘zbekiston Respublikasining “Kreativ iqtisodiyot to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarning bir qismi hisoblanadi.
Qonunda ta’lim tizimini takomillashtirish, ishlab chiqarish sohasida zamonaviy o‘quv dasturlarini joriy etish va sohaga oid zarur kompitensiyalarni shakllantirish kabi yo‘nalishlar belgilab berilgan. Dastur yangi iqtisodiyot sharoitida samarali faoliyat yurita oladigan, sohaga innovatsion yondashuv olib kirishga qodir yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/NMDGhG1iKqo" title="Kreativ kadrlarni tayyorlash yo‘lida" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Musulmon Ziyo,
Abror Sodiqov (video), O‘zA