Turli millat va elatlarning o‘ziga xos va mos milliy an’analari o‘zga yurt vakillarida qiziqish uyg‘otib kelgan. Betakror go‘zallikka boy yurtimiz ham bundan istisno emas, albatta. Joriy yilning 6-8 iyun kunlari qadim Buxoroda milliy an’analarimiz namoyishiga bag‘ishlangan “Ipak va ziravorlar” festivali ko‘plab sayyohlarni hayratga soldi, desak mubolag‘a qilmaymiz.
Festivalda ishtirok etish uchun mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlardan yigirmaga yaqin hunarmandlar, folklor jamoalar tashrif buyurgan bo‘lsa, tadbirlarni bevosita tomosha qilish uchun 1500 ga yaqin qo‘shni respublikadan sayyohlar mehmon bo‘ldi.
– Festival o‘z nomi bilan Ipak va ziravorlar deb nomlangan, – deydi qozog‘istonlik Galina Kolisnokova. – Buyuk ipak yo‘lida joylashgan muhim manzillardan biri Buxoroda bunday tadbirning tashkil etilishi ajoyib loyiha. Biz bugun an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan festivalda ilk bora ishtirok etdik. Ammo taassurotlarimizning cheki yo‘q.
– Bu joyda hammasi boshqacha, – deydi qozog‘istonlik Anastasiya Kapulova. – Qadimiy muhit, o‘ziga xos atmosfera har qanday kishini hayratga solishi aniq. Toza havo, atrofda turli ziravorlar, ipak matolarning o‘zgacha hidi kishi kayfiyatini ko‘taradi. Men bu tadbirni Italiya moda haftaligining Sharqona ko‘rinishi deb aytgan bo‘lar edim. Kelasan, ko‘rasan, sotib olasan.
Festivalning barcha tadbirlari qadim obidalar atrofida tashkillashtirilgan. Bu tarix qo‘ynida ajoyib san’at namoyishi ekanini Buxoroga tashrif buyurgan mehmonlar, hunarmandlar alohida e’tirof etdi.
– Festival juda yuqori darajada tashkil etilgan va men bu shaharga tashrif buyurganimdan juda xursandman. Hunarmand sifatida festivalda ishtirok etdim. Tashkilotchilar biz uchun barcha sharoitlarini hozirlagan. O‘zbek va tojik xalqlarining qadim hunar turlari bir-biriga juda o‘xshash. Shu sabab bizning ipak hamda hunarmandchilik mahsulotlarimizga qiziqish yuqori bo‘ldi. Ko‘plab hunarmandlar bilan hamkorlik bo‘yicha ham muloqot qildik. Shunga asoslanib aytadigan bo‘lsam, bunday festivallar xalqlar o‘rtasida do‘stlik rishtalarini ham mustahkamlashga xizmat qiladi, – deydi eronlik hunarmand Zebo Razavi.
– Tashrifimiz aynan shu kunga to‘g‘ri kelganidan, festivalda ishtirok etayotganimizdan juda baxtiyormiz. Buxoroda bo‘lishni orzu qilgandim. Ammo, bunday katta bayramda qatnashish imkoniyati paydo bo‘lganidan xursandman. Atrofdagi muhitni shunchaki so‘z bilan izohlash qiyin. Ayniqsa, men milliy musiqalarni juda yoqtiraman. Atrofdan taralayotgan kuylar kishi kayfiyatini yanada ko‘taradi, – deydi qozog‘istonlik Sabina Telova.
Tahlillarga ko‘ra, birinchi kunning o‘zida mazkur tadbirlarda bevosita ishtirok etgan mahalliy hamda xorijlik mehmonlar soni 110 ming nafarga yaqinlashgan. Avvalo, aytish lozim, festivalning bu galgi ochilish marosimi sal noodatiy tarzda boshlandi. Eski shahardagi shou bolalar moda namoyishi va raqs oqshomi ko‘plab ishtirokchilarning katta qiziqishiga sabab bo‘ldi.
– Ochilish marosimini eng yosh bolajonlarimiz boshlab berdi, – deydi loyiha rejissyori Bobir Ergashev. – Bunday loyiha tashkiliy qo‘mita tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Sahnada bolajonlar o‘zlarining bor mahoratlarini ko‘rsatdi. Dasturga ko‘ra, festivalning ikkinchi kunida ipak va ziravorlar savdo yarmarkalariga keng o‘rin berildi. Bejirim matolar, ipak gazlamalar, dunyoning turli burchaklaridan keltirilgan ziravorlar o‘z navbatida turizm eksporti ko‘rsatkichlarining ortishiga xizmat qildi.
Har bir tarixiy obidada uning tarixiga hamohang holda folklor jamoalar tomonidan tayyorlangan chiqishlar ham unutilmas mehmonlarga onlarni hadya etdi. Shahar tomoshasi dasturning bu qismi bilan yanada maroqli kechayotganini sayyohlar alohida e’tirof etdi.
Dunyoning mohir hunarmandlari ishtirokidagi mahorat darslari ham festivalda alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu orqali milliy hunar turlarini yanada boyitish va ommalashtirish imkoniyatlari paydo bo‘ldi. Festival tashkilotchilari uch kun davomida 50 mingga yaqin mehmon tashrif buyurishini taxmin qilishgan edi. Ammo, ikki kunlik sarhisob bu raqamlarni besh barobar ko‘proq qayd etilganini ko‘rsatmoqda.
Xalqaro festival doirasida milliy taomlar namoyishiga ham keng o‘rin berildi. Xususan, palov saylida mamlakatimizning turli hududlarida tayyorlanadigan milliy taomimizning mohir oshpazlar tomonidan mahorat bilan tayyorlanishi gastronomik turizm rivojida muhim ahamiyat kasb etdi.
– Ayni shunday jarayonlarni intizorlik bilan kutgan sayyohlarning ko‘lami keng bo‘ldi, – deydi Buxoro shahar madaniyat bo‘limi boshlig‘i Abror Ortiqov. – Ular orasida festivalni avvalgilarini kuzatganlar ham bo‘ldi. Bugungi kunda Buxoroning sofi oshi o‘zining tayyorlanish uslubi bilan ham ajralib turadi. Vohaga mehmon bo‘ladigan odam borki, ushbu taomdan bir tatib ko‘rishni maqsad qiladi. Festival ayni shu palovni maromiga yetkazib tayyorlaydigan mahoratli oshpazlarni bir davraga jamladi.
[gallery-23921]
– Biz asosan saqlanib qolgan qadim hunar turi, qo‘lda to‘qilgan mahsulotlarimiz bilan ishtirok etdik, – deydi eronlik hunarmand Mohgan Abrorpur. – O‘zbekistonlik hunarmandlardan ko‘p narsalarni o‘rgandik. O‘z navbatida ular ham bizning yo‘nalishimizga katta qiziqish bildirdi. Zamonaviylik uyg‘unlashgan oyoq kiyimlarini Buxoro sharoitida ham yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hunarmandlar taklif bilan chiqdi.
Festivalning har kungi dasturi bir-birini takrorlamas folklor chiqishlar bilan yuqori suratlarda davom etdi. Shahar tunu kun mehmonlar bilan gavjum. Muhimi, ular qadim shahar jozibasidan bahra olib, maroqli xordiq chiqardi. O‘zlari uchun ko‘hna va boqiy Buxoroni qayta kashf etdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.