English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘zi ojizlarni qiynayotgan muammolar: ular uchun tashkil etilgan kutubxonalarda sharoitlar qanday?
12:23 / 2023-03-16

QARORLAR NAZORATDA

Yurtimizda milliy qadriyatlar va jahon madaniyatidan aholini bahramand qilish, axborot-kutubxona xizmatlari sifatini oshirish, u yerda saqlanayotgan merosni asrab-avaylash va boyitish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, kutubxonalar faoliyatini takomillashtirishga e’tibor qaratilmoqda.

Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 iyundagi «O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori dasturilamal bo‘lmoqda.

bugungi kunda yurtimiz bo‘ylab maxsus kutubxonalar keng faoliyat olib boryapti. Shunday kutubxonalar jumlasiga Respublika markaziy ko‘zi ojizlar kutubxonasi ham kiradi. Ayni vaqtda mazkur kutubxona tarkibidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyat, tumanlarda 143 ta kutubxona ko‘zi ojizlarga va boshqa kitobsevarlarga xizmat ko‘rsatmoqda.

Mamlakatimizda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlar faoliyat yuritadi. Ular orasida ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar ta’lim-tarbiya oladigan maktab-internatlar ham bor.

2018/2019o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlar qabulining umumiy sonidan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha ravishda 2 foizli kvotalar kiritildi. Bu esa ularning oliy ma’lumotga ega bo‘lishini ta’minlab, jamiyatga moslashish imkoniyatini kengaytirishga qaratilgan. Bu boradagi islohotlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 20 oktyabrdagi «O‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi yuzasidan amalga oshirilmoqda. Mazkur hujjat bilan barcha darajadagi davlat organlariga aholiga xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan bino va inshootlarda nogironligi bo‘lgan shaxslar mustaqil harakatlanishi uchun qulay sharoitlarni yaratish vazifasi qo‘yilgan. 2021 2022 yillar davomida bu turdagi muassasalarni ta’mirlash va jihozlash uchun 110 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgan.

KO‘ZI ASOSAN OJIZLAR QANDAY KITOBLARNI O‘QIYDI?

Ko‘rish imkoniyati cheklangan bolalar maxsus moslamalar yordamida yozadi. Bitta qurilmada 18 ta qator va bir qatorda 24 ta katak bor. Har bir katakda 6 ta nuqta bor. Shu nuqtalardan 63 ta kombinatsiya qilinadi. Qurilmada hammasi bir qatorga yoziladi. Unda yuqori va quyi indeks degan narsa yo‘q. Sodda qilib aytganda, matematikada daraja va indeks yoki ona tilida tagiga chiziqcha chizish degan narsalar bor, ammo, ko‘zi ojiz bolalar buni bajara olmaydi.

Umumta’lim maktablarida matematika darsligi bitta kitob bo‘lsa, ko‘zi ojizlar uchun bitta darslik 10 ta kitobdan iborat bo‘lishi mumkin. Ularda bir sahifaga siqqan narsa, sog‘lom bolalar o‘qiydigan qo‘llanmalarning 3-5 betiga to‘g‘ri keladi. Ko‘zi ojiz bolaning yozishi sog‘lomlarga nisbatan 3-4 baravar, o‘qishi esa 2-3 baravar sekin bo‘ladi.

Brayl alifbosini ravon o‘qishni o‘rganish uchun ko‘p vaqt kerak. O‘qish tezligi bo‘yicha, albatta, ko‘ruvchilar bilan raqobat qilish qiyin, ammo ba’zi ko‘rish qobiliyati zaif odamlar chaqqon barmoqlari tufayli matnlarni muvaffaqiyatli o‘qiydi. Brayl alifbosida bo‘rttirma nuqtali shriftni o‘zlashtirish uchun vaqtni behuda sarflash o‘rniga deyarli hech qanday kuch sarflamasdan audio yoki elektron kitobni tinglayotganlar ham bor.

Eshitgandan ko‘ra, o‘qisa, xotira faollashadi, natijada mazmun eslab qolinadi, savodxonlik yaxshilanadi, so‘z boyligi kengayadi.

KUTUBXONA KO‘ZI OJIZ INSONLARNING HORDIQ MASKANI

Respublika markaziy ko‘zi ojizlar kutubxonasi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasining ko‘zi ojizlar uchun xizmat ko‘rsatuvchi bir bo‘limi bo‘lgan va1951 yilda mustaqil ravishda shahar ko‘zi ojizlar kutubxonasiga aylantirildi. 1965 yilga kelib, shahar ko‘zi ojizlar kutubxonasiga Respublika maqomi berildi. Shu kundan boshlab ushbu kutubxona Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyat ko‘zi ojizlar kutubxonalari uchun metodik markazga aylandi.

Kutubxonaning barcha viloyatlar va tumanlarida filiallari bo‘lib, foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish, kitoblar bilan to‘ldirish, adabiyotlarga ishlov berish, kitoblarni saqlash, uslubiy-bibliografik, ovoz yozish, informatika va axborot texnologiyalari hamda tahririyat bo‘limlaridan iborat. Kutubxona xodimlarining asosiy vazifasi ko‘zi ojiz foydalanuvchilarning talablaridan kelib chiqqan holda kutubxona fondini maxsus adabiyotlar bilan boyitish (Brayl yozuvidagi)dir.

Ayni vaqtda 130 mingdan ziyod kitob fondiga ega mazkur kutubxonada 45 nafar xodim faoliyat yuritadi. Respublika markaziy ko‘zi ojizlar kutubxonasida ko‘zi ojiz, qarovchisi bo‘lmagan, uyda o‘tiradigan, yura olmaydigan nogironlarga, kutubxonada kitoblarni uylariga yetkazib va o‘qib berish xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Respublika bo‘yicha bu kabi kutubxonalar fondi 681 mingdan ziyod.

– Kutubxona xodimlari o‘z ishlaridan ortib, so‘ragan kitoblarimizni uyimizgacha olib keladi, – deydi Toshkentlik 47 yoshli Nargiza Mirzayeva. – O‘zim borib olib kela olmayman. Shuning uchun ular menga «ruhiy ozuqamni» keltirib berishadi. O‘qib bo‘lganimdan so‘ng olib ketib, boshqa adabiyotlarni yetkazib berishadi. Albatta ularning mashaqqatini his qilaman.

– Kitob o‘qishni yaxshi ko‘raman, boshqa nima ham qilardim, – deydi 60 yoshni qoralagan Matluba Mo‘minova. – Kutubxona xodimlari kitoblarni olib kelishganida kunlik yangiliklarni ham o‘qib berishadi. Internetdan, boshqa gazeta-jurnallardan so‘ragan ma’lumotlarimni aytib berishadi. Suhbatlashamiz, fikrlashamiz, dardlashamiz. Ular juda qadrdon bo‘lib qolgan.

Viloyatlarning ayrim tumanlarida kutubxona filiallari yo‘qligi uchun uzoq joyda istiqomat qiladigan aholiga axborot kutubxona xizmatini ko‘rsatish va maxsus (Brayl yozuvidagi va gapiruvchi) adabiyotlarni ko‘zi ojiz foydalanuvchilarga yetkazish maqsadida ko‘chma kutubxonalar tashkil etilgan. Respublika miqyosida jami 550 ta ko‘chma kutubxonalar mavjud bo‘lib undan 12 ta ko‘chma kutubxona Toshkent shahrida faoliyat yuritadi. Ko‘chma kutubxona faqatgina tumanlarga qarashli aholi mavjud joylarda emas, balki korxona muassasa-tashkilotlar bilan ham shartnoma asosida o‘z faoliyatini yuritib kelmoqda. Ko‘chma kutubxonalardagi adabiyotlar har uch oyda yangilanib turiladi.

– Respublika va barcha viloyat ko‘zi ojizlar kutubxonalari zamonaviy kompyuter vositalari bilan ta’minlangan hamda ko‘zi ojizlar uchun JAWS dasturi o‘rnatilgan, – deydi Umidjon Xudoyorbekov. – JAWS dasturi orqali biz, ko‘zi ojiz foydalanuvchilar kompyuterda mustaqil ishlash imkoniyatiga egamiz. Xayrli tashabbus sifatida biz kutubxona mutaxassislari kompyuter savodxonligi kurslarini muntazam tashkil etib boramiz. Bunda uch oy mobaynida talabgorlarga AKT saboqlari beriladi.

– Kompyuter savodxonligi kurslari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo viloyatlaridan tashqari 20 ta hudud kutubxonalarida bor. Shu paytgacha 300 nafarga yaqin talabgorlar bu kurslarda qatnashib, bilimlarini oshirdi, – deydi Sherzod Boboqulov. – Imkoniyatimiz cheklangan, lekin biz shunday yaralgan ekanmiz, deb o‘ksinib yashamaymiz. O‘zimiz kabilarga oson bo‘lishi uchun mehnat qilishdan charchamaymiz.

Respublika markaziy ko‘zi ojizlar kutubxonasida barcha viloyat kutubxonalarini audio kitoblar bilan ta’minlash maqsadida ovoz yozish studiyasi tashkil qilingan. Unda audiokitoblar yozishdan tashqari, fonddagi mavjud, ammo o‘qilish imkoni yo‘q magnit lentalar va mikrokassetalar qaytadan disklarga ko‘chirilmoqda. Kutubxona o‘zbek, rus va ingliz tillaridagi adabiyotlar bilan boyitilgan. Bundan tashqari, respublikamizdagi ko‘zi ojizlar kutubxonasini va foydalanuvchilarni Brayl yozuvidagi kitoblar bilan ta’minlash maqsadida shu yozuvida chop etadigan maxsus uskunalar (mini tipografiya) olib kelinib, foydalanilmoqda. 2019 yildan boshlab 20 nomdagi 3 mingdan ziyod adabiyot chop etilgan bo‘lib, hududlardagi kutubxonalarga yuborilgan.

QANDAY MUAMMOLAR BOR?

Ko‘zi ojizlar uchun maxsus ziyo maskanlari ochilgani barchani birdek xursand qiladi. Ammo ular uchun tashkil qilingan kutubxonalarda adabiyotlar yetarli emas. Shuningdek, yillar davomida Brayl alifbosidagi asarlar nashr etilmagani ehtiyojmand aholi qatlamining ham bu turdagi adabiyotlar, badiiy asarlarga bo‘lgan ehtiyojini qoplamayapti.

Bu uzoq yillar sohaga e’tibor qaratilmaganining oqibati. Ayni vaqtda respublika bo‘ylab 5 ta Brayl yozuvli kitoblarni chop etuvchi nashriyot bor. Bu esa kerakli miqdordagi adabiyotlarni chop etishda kamlik qiladi. Bu ish mashaqqatli, chunki bir nomdagi kitob Brayl yozuvida tayyorlansa, bir nechta kitobdan iborat bo‘ladi. Bu ulkan mehnat, e’tibor, vaqt, mablag‘ talab etadi.

Respublika markaziy ko‘zi ojizlar kutubxonasi direktori o‘rinbosari Gulchehra Sultonmetovaning fikricha, ko‘zi ojiz yoki zaif ko‘ruvchilarning asosiy suyanchig‘i kitob bo‘ladi. Shu bois Brayl alifbosidagi adabiyotlarni ko‘paytirish shunday insonlarga katta ko‘mak bo‘ladi. Bundan tashqari, musiqaga oid adabiyotlar deyarli yo‘q. Bu shu yo‘nalishga qiziquvchi yoshlar uchun ham imkoniyat zarur. Ular bu sohada hech qanday adabiyotlardan foydalanib, bilimini oshira olmaydi. Ko‘zi ojiz bolaning qo‘lidan ushlab, musiqa chaldirish mumkin, lekin unga professional ta’lim berish uchun ko‘p narsa talab etiladi. O‘qituvchilar Brayl yozuvidagi notalar bilan ishlay olishi kerak. Bunday mutaxassislarni tayyorlash uchun ham ustozlar kerak.

Hozirgi kunda 4 ta viloyat ko‘zi ojizlar kutubxonasi uchun yangi zamonaviy binolar qurib, foydalanish uchun topshirildi. Zamonaviy kutubxonalarning kirish qismidan ko‘zi ojiz foydalanuvchilar uchun oyoq sezadigan yo‘naltiruvchi yo‘laklarni tashkil etish lozim. Ammo mazkur kutubxonada bu kabi imkoniyatlar yo‘q.

Bundan tashqari, bu sohada faoliyat yuritayotgan oliy ma’lumotli mutaxassislarning ham oylik maoshi ham ehtiyojlar uchun yetarli emas.

KUTUBXONA UCHUN MAXSUS BINO KERAK

Navoiy viloyati ko‘zi ojizlar kutubxonasi ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 13 sentyabrdagi «Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, ko‘zi ojiz kitobxonlarni kitob o‘qishga jalb etish, yosh avlod salohiyatini oshirish, axborot va mutolaa madaniyatini yuksaltirish maqsadida targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

Kutubxona 4 turdagi, ya’ni Brayl nuqtali yozuvidagi kitoblar, yassi harfli, gapiruvchi hamda elektron disk shaklidagi kitoblar orqali xizmat ko‘rsatadi.

Tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturida 250 nafar ko‘zi ojiz nogironligi bo‘lgan shaxslar yashaydigan tuman (shahar)larda yangi ko‘zi ojizlar kutubxonasi filiallari tashkil etish belgilangan.

Viloyatda jami 6 ta ko‘zi ojizlar kutubxonasi bo‘lib, viloyat ko‘zi ojizlar kutubxonasi, Qiziltepa, Navbahor, Nurota, Xatirchi tumanlarida hamda Navoiy shahar filiallari mavjud.

Chekka hududlarda yashovchi ko‘zi ojiz kitobxonlar uchun 2023 yildan boshlab 45 ta ko‘chma kutubxona xizmati yo‘lga qo‘yildi.

– Ko‘zi ojiz kitobxonlar, nogironligi bo‘lgan yurtdoshlarimizning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun barcha choralarni ko‘ryapmiz, – deydi Navoiy viloyat ko‘zi ojizlar kutubxonasi direktori vazifasini bajaruvchi Bobur Ergashev. – Kutubxonada mavjud Brayl, yassi elektron audio, gapiruvchi kitoblar aholining keng qatlami, nogironligi bor, ko‘zi ojiz kitobxonlarga taqdim etib kelinmoqda. Viloyatda jami 3311 nafar ko‘zi ojiz nogiron istiqomat qiladi. Islohotlar amalga oshirilyapti, sohada rivojlanish bor, ammo bu boradagi ishlarni jadallashtirish uchun takliflarimiz ham bor. Ko‘zi ojizlar kutubxonasini zamon talablariga mos ravishda rivojlantirish uchun audiokiosk, infokiosk qurilmalari hamda RFID texnologiyalarini joriy etish, fondni boyitish maqsadida mamlakatimizda chop etilayotgan barcha bosma nashrlarni elektron shaklda majburiy nusxalarini olish, kutubxonalarda yo‘nalishlariga qarab kichik muzeylar ochish, kutubxonalar veb-saytini yaratish, unda maxsus interaktiv xizmatlarni joriy etish zarur. Shuningdek, ko‘zi ojizlar kutubxonasida avtomatlashtirilgan ish o‘rinlari va elektron katalogni, ko‘zi ojizlar kutubxonalarining barchasida ovozli kitoblar yozish maqsadida ovoz yozish studiyalarini tashkil etish, viloyatimizdagi ko‘zi ojizlar kutubxonasini malakali mutaxassislar bilan ta’minlash, ularning malakasini oshirishga zarur sharoit yaratish maqsadida Navoiy davlat pedagogika instituti qoshida sirtqi «Kutubxonashunoslik» bo‘limini ochish masalasini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq.

Imkoniyati cheklangan shaxslarning harakatlanishini osonlashtiruvchi infratuzilma, zarur moslamalar, maxsus yo‘laklar, moslashtirilgan binoga ehtiyojimiz bor. Ushbu toifadagi fuqarolarning ham jamiyatda o‘z haq-huquqlari bor, ularni ta’minlash zarur. Ba’zi viloyatlarda yangi kutubxonalar qurilyapti. Mana shu yangi binolarda, kutubxona hovlisida ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchilar uchun bog‘, mutolaa joylari, haykaltaroshlik namunalari, asarlar maketlari tayyorlanishi tarafdorimiz.

Kitob – inson ma’naviyati va dunyoqarashini yuksaltiruvchi muhim manba. Shu bois kitobxonlikni yuksaltirish muhim. Oilada, bog‘cha va maktablarda bolalarning kitobga e’tiborini, adabiyotga qiziqishini oshirish barchamizning burchimizdir.

 

Barno MELIQULOVA, O‘zA