French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘zi ojizlar turmushini yuksaltirishga oid qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
19:05 / 2022-08-10

Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar Jamiyati mutasaddilari ishtirokida tashkil etilgan matbuot anjumanida taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslarning ixtiyoriy a’zoligiga asoslangan nodavlat notijorat tashkilot hisoblanadi.

Mutasaddilarning so‘zlariga ko‘ra, O‘zKOJ faoliyati asosan insonparvarlik va rahmdillik, shaxs qadr-qimmati hamda jamiyat har bir a’zosi fikriga hurmat, fikrlar xilma-xilligi va ko‘pchilik fikrining ustuvorligi hamda ozchilikning fikriga hurmat bilan qarash, ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslarning yoshi, jinsi, millati, irqi, diniy e’tiqodi va siyosiy qarashlari hamda nogironlik toifalari va belgilaridan qat’i nazar, kamsitilishiga yo‘l qo‘yilmaslik tamoyillariga asoslanadi.

Qayd etilishicha, mamlakatda istiqomat qiluvchi ko‘zi ojiz fuqarolarning saylov huquqlarini amalga oshirishda ko‘maklashish hamda saylov jarayonlarida ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslarning manfaatlarini ifodalash maqsadida belgilangan tartibda siyosiy partiyalar bilan hamkorlikni amalga oshiradi.

Ma’lumki, Jamiyatning tashkil topganiga yaqinda 90 yil to‘ldi. 1932 yil 15 iyunda mamlakatimizda yashovchi bir guruh faol ko‘zi ojiz fuqarolar tashabbusi bilan jamiyatning ta’sis Qurultoyi chaqirilib, unda O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati tashkil etilganligi e’lon qilingan.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida bugungi kunda ko‘zi ojizlar o‘rtasidagi savodsizlik batamom tugatilishiga erishilgan. Jamiyat tomonidan davlat organlarining ko‘magida ko‘zi ojizlar ta’limining barcha bosqichiga jalb etilgan. Mamlakatimizning turli hududlarida tizim tasarrufida ishlab chiqarish korxonalari tashkil etilib, ularda bunday fuqarolarning bandligi ta’minlangan. Boshqa tizimlarda qulay ish o‘rinlariga ishga joylashishlariga ko‘maklashilgan. Ularni sport bilan shug‘ullanishlarida, san’atga oshno bo‘lishlarida, o‘z qiziqish va iqtidorlarini namoyish etishlarida jamiyat tomonidan o‘tkazilayotgan turli xil ommaviy-tashkiliy, madaniy-ma’rifiy, sport-sog‘lomlashtirish hamda reabilitatsiya tadbirlari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Har yili 8000 dan ziyod tizimda o‘tkazilayotgan bunday tadbirlar ko‘zi ojiz shaxs kamoloti uchun muhim omil bo‘lmoqda.

Mamlakatimizda ko‘zi ojizlar harakatida jamiyat yagona kuch hisoblanadi. Uch bo‘g‘indan iborat O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati tarkibida ayni zamonda 1 ta Markaziy Boshqaruv, 14 ta hududiy bo‘lim (QQR, Toshkent shahri va viloyat bo‘limlari) 189 ta mahalliy bo‘linmalar (tuman, shahar bo‘linmalari), 83 ta o‘quv ishlab chiqarish korxonalari, sihatgoh, dam olish maskanlari kabi jami 294 ta korxona, tashkilot, muassasalar ko‘zi ojiz fuqarolar uchun xizmat ko‘rsatmoqda.

bugungi kunda mamlakatimizdagi 77 ming 954 nafar ko‘zi ojizlarning 61075 nafari jamiyat hisobiga olingan. Jami ishlovchi ko‘zi ojizlar soni 2 ming 855 nafarni, shundan 1101 nafari jamiyat korxonalarida, 545 nafari jamiyat tizimida va 1209 nafari tizimdan tashqari turli tashkilotlarda faoliyat yuritmoqda.

2022 yil 6 oylik hisobotga ko‘ra jami jalb etilgan homiylik yordamlari, jumladan, ashyoviy yordamlarning umumiy miqdori 2 421 322 048 so‘mni tashkil etgan.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA