Inklyuziv ta’limni rivojlantirish va barcha fuqarolar uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash davlat siyosatida muhim o‘rin tutadi. Shu bois ko‘zi ojiz shaxslar uchun maxsus formatda chet tilini bilish darajasini aniqlash imtihonlari tashkil etildi.
Bilim va malakalarni baholash agentligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, talabgorlar uchun qulaylik yaratish maqsadida imtihonlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar hamda Toshkent shahrida kompyuterlar orqali, maxsus ishlab chiqilgan dastur asosida o‘tkazildi.

Bu esa ishtirokchilarning bilim va ko‘nikmalarini adolatli hamda xolis baholash imkonini berdi.
Maxsus imtihon jarayonida ko‘zi ojiz shaxslarga yordam ko‘rsatish uchun assistentlar biriktirildi. Ular ishtirokchilarga texnik jihatdan ko‘maklashib, imtihon jarayonining muvaffaqiyatli o‘tishiga hissa qo‘shdi.

Imtihon asosan tinglab tushunish va gapirish ko‘nikmalarini baholashga qaratilgan bo‘lib, respublika bo‘yicha jami 67 nafar talabgor mazkur sinovda ishtirok etdi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, maxsus imtihon natijalari Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, 13 fevral kuni e’lon qilinadi.
Mazkur tashabbus ko‘zi ojiz shaxslarning ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, ularning jamiyat hayotida faol ishtirokini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA