Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘zi ojiz odamni yetaklab yuruvchi uchun yo‘l haqi olinmasligi kerak...
14:51 / 2024-01-16

Imkoniyati cheklangan shaxslar ham jamoat transportida yurganida noqulaylikni his qilmasligi kerak.

Transport vazirligi mutasaddilarining so‘zlariga ko‘ra, xarid qilinayotgan avtobuslarga texnik talablar qo‘yiladi. Ya’ni, harakatlanishi cheklangan, nogironligi bor yo‘lovchilar uchun ham mo‘ljallangan avtobuslarni sotib olish topshirig‘i tasdiqlangan. Bugungi kungacha xarid qilingan avtobuslarda ana shunday qulayliklar mavjud. Metro qurilishida ham nogironlarning imkoniyatlarini inobatga olish masalasiga e’tibor qaratiladi.  

Hozirda  Toshkent shahrida 167 ta yo‘nalish va 1 ming  944 ta avtobus mavjud. Shundan mingta avtobusda nogironlar uchun sharoitlar yaratilgan.  O‘rganishlardan ma’lum bo‘lishicha, qolgan 944 ta avtobus  nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslashtirilmagan.  

Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov jamoat transportida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilgan sharoitlar, mavjud kamchiliklar va kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalarni belgilash maqsadida avtobus saroylaridagi  mavjud sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.  Muloqot jarayonida  Karlar jamiyati, Nogironlar jamiyati hamda Ko‘rlar jamiyati vakillari tomonidan ko‘zi ojizlarga beriladigan imtiyozli kartalardagi kamchiliklar mavjudligi qayd etildi. Shuningdek, ushbu kartaga ko‘zi ojiz odamni yetaklab yuruvchi uchun ham yo‘l haqi olinmasligi ta’minlash va barcha avtobus haydovchilariga imtiyozli kartalar haqida batafsil tushuntirish berish taklifi ilgari surildi.  

Bir vaqtda eshitishida ham ko‘rishida ham nuqsoni bo‘lgan yo‘lovchilar uchun transportlarda qo‘shimcha xizmat tizimini tashkil etish, “Toshshahartransxizmat” AJ tomonidan mavjud qulayliklarni (audiovizual tablo, pandus) to‘liq ishga tushirish va haydovchilarga ulardan foydalanishga oid tushintirish ishlarini amalga oshirish bo‘yicha kelishildi.  

Ta’kidlanishicha, kelgusida avtobuslardagi sharoitlarni nazorat qilish va qaysi yo‘nalishda nima kamchiliklar borligi bo‘yicha Ijtimoiy inspeksiyaga xabar beradigan tizim ishlab chiqiladi. Xalq nazorati elektron platformasiga transportlarning nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ham qulayliklarga ega bo‘lishi, jihozlanganligi, ulardan foydalanilishi va ularga ko‘rsatiladigan xizmatlar yo‘nalishlari kiritiladi. Qayta aloqa Telegram boti tashkil qilinadi.  

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA