Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘zi ojiz kutubxonachilar: “Kitoblar yetishmaydi, maoshimiz juda kam!”(+video)
11:05 / 2021-12-11

bugungi kunda respublikamizda 72 mingdan ziyod ko‘zi ojiz insonlar yashaydi.

Ularning 52 ming nafarga yaqini esa kitobxon. Yurtimizdagi mavjud 138 ta ko‘zi ojiz insonlar uchun mo‘ljallangan kutubxonalarda 577 nafar kutubxonachi ishlaydi. 

Kutubxonalarda ishlaydigan ishchilarning aksariyati ko‘zi ojiz insonlardir. Tizimda ishlayotgan xodimlarga yaratilgan shart-sharoitlar,  muammo va kamchiliklarni o‘rganish maqsadida Respublika markaziy ko‘zi ojizlar kutubxonasiga tashrif buyurdik.

Markazda jami 40 nafarga yaqin xodimlar ishlaydi. Bu yerdagi qo‘llanmalarning aksariyati brayl yozuvidagi kitoblar hamda audio kitoblardir.

— Kutubxonamizga ko‘proq oliy o‘quv yurti talaba yoshlari kelishadi, —deydi kutubxona direktor o‘rinbosari Gulchehra Sultonmetova. — Ular orasida keyinchalik hayoti davomida ko‘zi ojiz bo‘lib qolgan insonlar ham bor. Ularga brayl alifbosini o‘zlashtirishga yordam beramiz. Undan tashqari kitoblarni talabgorlarning uylariga yetkazib berish xizmati ham bo‘lib, bu asosan kutubxona ishchilari tomonidan amalga oshiriladi.  

Shuningdek, kutubxonada kompyuter xonasi, ovoz yozish studiyasi hamda bosmaxona ham mavjud bo‘lib, u yerda ham asosan ko‘zi ojiz insonlar mehnat qilishadi. Ovoz yozish studiyasida audio kitoblar yoziladi. Suxandon matnni o‘qib beradi, operator uni audio diskka yozadi. Ko‘zi ojiz insonlar kitoblarni istasa brayl yozuvidagi ko‘rinishda o‘qishi, xohlasa audio ovoz shaklida eshitish imkoniyatiga ega.

Tan olish kerakki ko‘zi ojiz yoki imkoniyati cheklangan insonlarni har qanday tashkilot ham jon-jon deb ishga qabul qilavermaydi. Shu bois bunday insonlar ko‘proq kutubxona yoki maxsus maktab internatlarda ishlashga majbur.  Kutubxona ishchilari paytdan foydalanib 8 soatlik ish jarayonida ularga to‘lanadigan maoshlar juda ozligini, imkon qadar maoshlarini oshirish choralarini ko‘rilishini ta’kidlashdi. Ular ham sog‘lom odamlar qatori farzandlarini oliy o‘quv yurtlarida o‘qitish, kredit to‘lovlarini to‘lashda qiynalib qolayotganlarini bildirishdi.

Aslida bu kabi insonlarni yorug‘ olamni ko‘ra olmasliklarining o‘zi katta bir fojiadir. Nachora, taqdirning kechmishlariga ko‘nib, yashashga majburdirlar. Ular orasida ham jahon chempionlari, mohir rassomlar, san’atkoru hunarmandlar yetishib chiqayotganini barchamiz ko‘rib, xayratlanib turibmiz.

Shunday ekan, ko‘zi ojiz hamda nogironligi bor shaxslarning iqtisodiy ahvolini yaxshilash, ular uchun ham turli soxalarda ish o‘rinlari yaratishdagi chora-tadbirlar ijrosini tezlashtirish muhim masalalardan biri.

<iframe width="1350" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/TnqtRYTAu2o" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>

Nigora Rahmonova,
Nishonboy Abduvoitov (video) O‘zA