Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘zi ojiz insonlar muammosini kim hal qiladi? (+video)
16:36 / 2025-03-17

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 21 dekabrda “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligiga ko‘maklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi.

Mazkur qarorning 14-bandida “Ko‘zi ojiz va ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan shaxslarning ta’lim olishini sifat jihatdan yangi darajaga olib chiqish hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun kitoblar, jurnallar va boshqa bosma materiallar (matn, nota yozuvi, illyustratsion materiallar, Brayl yozuvidagi kitoblar va audiokitoblar) bazasini kengaytirish” borasida tegishli vazirliklar zimmasiga bir qancha vazifalar yuklatilgan.   

Afsuski, bugungi kunda ushbu qarorning bajarilishi yuzasidan sustkashlik hamda sansolarlikka yo‘l qo‘yilyapti. Ko‘zi ojiz insonlarning murojaatiga nisbatan mas’ul shaxslar tomonidan “otangga bor, onangga bor”, qabilida javob berilyapti.   

O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati markaziy boshqaruvi mas’ul shaxslarining O‘zAga murojaatidan so‘ng muxbirlarimiz holat yuzasidan o‘rganishlar olib bordi.   

Xo‘sh, aslida ko‘zi ojiz insonlarni qiynayotgan muammo nimada? Dastlab bunga oydinlik kiritib olsak.   

– Prezidentimizning 1921 yil dekabr oyida imzolagan 57-sonli qarorida, yana xuddi shu borada qabul qilingan 390-sonli qarorida nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlashni kengaytirish, ularga yangi ish o‘rinlarini yaratish borasida belgilangan vazifalarni ado etish yo‘lida Ko‘zi ojizlar jamiyati tasarrufidagi korxonalar ham imkon darajasida harakat qilyapti, – deydi O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati markaziy boshqaruvi raisi Ergash Norpo‘latov. – Lekin O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyatiga qarashli “DIZAYN PRINT” korxonasi faoliyatida uchrayotgan muammolarni kechiktirmay hal etishni zamonning o‘zi oldimizga ko‘ndalang qilib qo‘ymoqda. Korxonada asosan ko‘zi ojizlar uchun darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar, badiiy adabiyotlar, ko‘zi ojizlar uchun kerak bo‘lgan xaritalar, globuslar ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, ko‘zi ojizlarning to‘sqinliksiz hayot kechirishi, axborot olish imkoniyatlarini kengaytirish uchun korxona tomonidan turli xil brayl yozuvidagi tablichkalar, ma’naviyat burchaklari uchun ko‘rgazmalar ishlab chiqarilmoqda. Bu masalalarni yanayam kengaytirish mumkin. Afsuski, bu jarayonlarda korxonaning davlat buyurtmalarida ishtirok etish imkoniyati cheklanib qolmoqda. Keyingi yillardagi kuzatishlarimiz shuni ko‘rsatadiki, korxona 50-60 milliard so‘mlik ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘la turib, davlat tomonidan atigi 15-20 milliard so‘mlik ijtimoiy buyurtma olmoqda. Bizni yana qiynaydigan masala 2023 yilda korxonamiz davlat buyurtmasi olishda qiynaldi. 2024 yilda ham davlat buyurtmasini qo‘lga kiritish uchun qiyinchiliklarga duch keldi.   

Raisning ta’kidlashicha, mazkur masalalarni amalga oshirishning, ya’ni korxonada davlat buyurtmasi berilishining o‘z talablari mavjud. O‘sha talablardan eng muhimi, ana o‘sha korxonalarda 50 foiz nogironligi bo‘lgan shaxslar ishlashi kerak. 50 foiz ish haqqining ulushi nogironlarniki bo‘lishi zarur.   

– Mana shu talablar, qolaversa, yevro standartlarga javob beradigan texnologiyalar orqali mahsulotlar ishlab chiqarayotgan korxona bugungi kunda davlat buyurtmasini olishga qiynalmoqda. Bu korxonada 40 dan ziyod ishchi xodim ishlab, ularning 50 foizidan ko‘pi nogironligi bo‘lgan shaxslar, ko‘zi ojizlarni tashkil etadi, – dedi E.Norpo‘latov.   

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda ko‘zi ojizlar uchun o‘quv darsliklari va o‘quv qurollari yetishmaydi, kutubxonalarda borlari ham sobiq tuzum davridan qolgan qo‘llanmalar. Demak, kam darsliklar chop qilinishi natijasida ko‘zi ojizlar boshqa sog‘lom bolalarga qaraganda zaruriy bilim va ko‘nikmalardan bebahra qolyapti, deyish mumkin.   

– Brayl yozuvida bizga kelayotgan kitoblarning ayrimlarida xatoliklar ko‘p. Xatolarni to‘g‘rilash masalasida nashriyotga murojaat qilganimizda o‘sha nashriyotlar yopilib ketgan bo‘ladi, – deydi Namangan viloyati, Kosonsoy tumanidagi 45-sonli “Nurli maskan” kutubxonachisi Muhayyo Jamilova.

Bundan ko‘zi ojiz insonlar uchun sotuvga chiqarilayotgan ayrim qo‘llanmalarni chop etayotgan qo‘shtirnoq ichidagi tadbirkorlarning faoliyati nari borsa ikki-uch oylik ekani ko‘rinadi.

Ya’ni, qing‘ir yo‘llar  bilan buyurtmalarni qo‘lga kiritayotgan bunday shovvozlarni yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorinlarga mengzash to‘g‘riroq bo‘ladi.   

Yana bir masala shuki, 20 yildan buyon davlat buyurtmasi asosida ishlab, 30-40 nafar nogironlarni ish bilan ta’minlagan “DIZAYN PRINT” korxonasi ishchilarining taqdiri turibdi.   

Demakki, bugun Prezidentimiz imzolagan qaror, farmonlarga zid ravishda ko‘zi ojiz bolalar ta’lim jarayonidan ancha-muncha chetda qolmoqda. Sinfga borib o‘tirgani bilan bola zaruriy ko‘nikma va bilimga ega bo‘lish uchun darsliklardan foydalana olmasa, yetarli darajada bilim ololmasa, bundan jamiyat ham, davlat ham zarar ko‘rishi bor gap.   

– Bugungi kunda bizni o‘ylantirayotgan, tezlik bilan hal qilishimiz kerak bo‘lgan masalalar shundan iboratki, maktab internatlarini darsliklar, daftarlar, zarur o‘quv qurollari bilan ta’minlashni kechiktirmaslik haqida bosh qotirishimiz zarur, – deydi “DIZAYN PRINT” korxonasi qoshidagi “Ijod press” nashriyoti mutaxassisi Abdusaid Mirhamidov. – Nashriyotimizda nafaqat darsliklar, badiiy kitoblar ham chop etiladi. Darsliklar borasida muammolarimiz yetarli.   

Ko‘zi ojizlar ta’lim muassasalarida kechayotgan bu kabi muammolar, yuzaga chiqqan kamchiliklar,  uni bartaraf etish uchun jamiyat tomonidan doimiy ravishda takliflar berib kelingan. Yechimlari borasida takliflar ham tegishli davlat organlariga og‘zaki hamda yozma ravishda taqdim qilib kelinmoqda.   

Ammo shundoq ham bu go‘zal hayotni ko‘rishdek baxtdan benasib bo‘lgan insonlarni o‘qishdan ham mahrum qilishdan uyalmayotgan ayrim kimsalar eshigi oldida kuttirishdan, ularning dardlarini tinglashdan yuz o‘girmoqda.   

– Misol uchun, o‘zimizning korxonamiz tomonidan turli mavzulardagi badiiy kitoblar ishlab chiqarilyapti. Lekin davlat buyurtmasi bo‘lmagani uchun hozir korxona omborxonalarida turib qolyapti. Agar davlat buyurtmasi asosida xarid qilinadigan bo‘lsa, bu kitoblar ko‘zi ojizlarning qo‘liga yetib borgan bo‘lardi. Buyurtmalar davlat tomonidan bo‘lmas ekan, bu kitoblarni sog‘lomlar singari ko‘zi ojizlar sotib ololmaydi. Demakki, ko‘zi ojizlarning kitobga bo‘lgan ehtiyojini faqatgina davlat buyurtmalari asosida qondirish mumkin. Hech kim, birorta ko‘zi ojiz shaxs buni sotib ololmaydi. Sotib ololmasligiga sabablar bor.  

Misol uchun, “O‘tkan kunlar” kitobini oladigan bo‘lsak, sog‘lomlar uchun bir kaftga sig‘adigan hajmda chiqadi. Lekin ko‘zi ojizlar uchun bitta kichkina hajmdagi kitob 7-8 kitobdan iborat bo‘lib chop etiladi. Buning tannarxiyam, sotuv narxiyam oshib ketishi natijasida ularni ko‘zi ojizlar sotib ololmaydi. Sog‘lomlar sotib oladigan kitob 40-50 ming bo‘lsa, xuddi ana shu kitoblar ko‘zi ojizlar uchun million so‘mdan ikki million so‘mgacha boradi.  

“DIZAYN PRINT” korxonasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan darsliklarga buyurtmachilar tomonidan hech qanday e’tirozlar bo‘lmagan, vaqtida yetkazib berilgan. Lekin, mana shu darsliklarni chop qilish masalasida korxona oqsashlarga duch kelyapti. Nimagaki, davlat buyurtmasini ololmayapti.   

Afsuski, 3-4 ta nogiron ishchilari bilan 6 yoki 1 yil burun tashkil bo‘lgan korxonalar 50-60 milliard so‘mlik davlat buyurtmasini qabul qilyapti. Bu haqda bizda ma’lumotlar bor va bu ro‘yxatlarni kerakli joyga taqdim etishimiz mumkin. Savolimiz shundan iboratki, 20 yillik tarixga ega, nogironligi bo‘lgan shaxslarni muntazam ish bilan ta’minlagan, nogironlar reabilitatsiyasiga e’tibor bergan jamiyat korxonasi davlat buyurtmalarini olishga qiynaladi. Nega? Nima uchun? Biz shu savolga javob topolmayapmiz.  

Tegishli idoralarga borsak, kuting, davlat buyurtmasini beramiz, deyishadi. Bir yil tilimizni tishlab keldik. Endi jim o‘tira olmaymiz. Sababi korxonamizni zamonaviy texnologiya bilan jihozlash uchun bankdan kredit olganmiz. Bu shunchaki ijtimoiy kredit emas. Boshqa tadbirkorlar qatori 24-25 foizli kredit mablag‘i olganmiz. Mahsulotlarimizni davlat xarid qilishi orqali biz nogironligi bo‘lgan shaxsni ish bilan ta’minlaymiz. Shuning bilan birgalikda olgan kreditimizni so‘ndirib boramiz.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/eccZQO88xcs" title="Ko‘zi ojiz insonlar muammosini kim hal qiladi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Bizga kelib tushgan ma’lumotlarga ko‘ra, ba’zi bir matbaa korxonalari davlat buyurtmasini qing‘ir yo‘llar orqali amalga oshirishga harakat qilmoqda. Kerak bo‘lsa, xorijga borib kitoblarni chop qilib kelayotganini  sezib turibmiz. Nima uchun davlatning mablag‘lari xorijga chiqib ketishi kerak?   

Davlat mablag‘lari o‘zimizda qolsa, bundan mehnatkash xalqimiz, ko‘zi ojizlar, nogironlar manfaatdor bo‘ladi, oilalar farovonligi oshadi. Qolaversa, ishlab chiqarish sub’ektlarining quvvati oshib boradi, – deydi E.Norpo‘latov.   

Prezidentimizning maqsadi nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama reabilitatsiya qilish va ularning boshqa insonlar qatori teng yashashlariga imkoniyat yaratishdan iborat. Shu bois, mazkur masalaga javobgar vazirlik va idoralar nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlashda, ular uchun ishlab chiqarilgan mahsulotlarni shaffof tarzda yetkazib berishda shart-sharoitlar yaratishi lozim. Aks xolda, qaror hamda farmonlar qog‘ozlarda qolib ketadi, bundan davlatimiz ham, jamiyatimiz ham birdek zarar ko‘radi.   

Nigora Rahmonova,

Abror Sodiqov (video), Iskandar Ismatov (montaj), O‘zA