Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘zi ojiz fuqarolarning murojaatlari doimo nazoratda
14:52 / 2024-10-16

Ko‘zi ojizlik – ko‘rish qobiliyatining yo‘qligi. Surunkali ko‘rlikning asosiy sabablariga katarakta, glaukoma, traxoma va bolalarda ko‘z kasalliklari kabilar kiradi. Yosh bilan rivojlanib boradigan ko‘zi ojizlik, shuningdek nazoratsiz diabet tufayli paydo bo‘ladigan ko‘zi ojizlik dunyoda keng tarqalgan.

Statistikaga ko‘ra, dunyo bo‘ylab qariyb 253 million odam ko‘rish bilan bog‘liq muammoga ega. Ulardan 36 millioni umuman ko‘ra olmaydi, 217 millionida ko‘rishning o‘rtacha yoki og‘ir buzilishi bor.  Ko‘z kasalliklari 19 milliondan ortiq bolaga ta’sir qiladi. Bundan tashqari, ko‘rish qobiliyati buzilganlarning 82 foizini 50 va undan katta yoshdagi odamlar tashkil qiladi. Yer yuzida har besh soniyada bir nafar katta yoshdagi inson, har bir daqiqada esa bir nafar bolakay ko‘rish qobiliyatidan mahrum bo‘ladi.   

O‘zbekistonda ko‘rish imkoniyatini yo‘qotgan insonlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning muammolarini hal etish borasida qanday amaliy ishlar qilinmoqda? Bu borada O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati axborot xizmati rahbari Turdiali Normatov quyidagilarni taqdim etdi.   

– O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslarning ixtiyoriy a’zoligiga asoslangan nodavlat notijorat tashkilot bo‘lib, u ko‘zi ojizlarning huquq va manfaatlarini himoyalash, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, reabilitatsiya qilish, ijtimoiy integratsiyalash, teng huquqliligini hamda teng hayot imkoniyatlarini ta’minlashga ko‘maklashish uchun respublika miqyosidagi jamoat birlashmasi tashkiliy-huquqiy shaklida tuzilgan.   

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning turmushini yuksaltirish, qonun hujjatlarining joylarda ko‘zi ojizlar turmushida, jamiyat faoliyatida tatbiq etilishi bilan yaqindan tanishish, bu borada uchrayotgan muammolarni o‘z joyida hal qilish, ko‘zi ojiz fuqarolar bilan davlat organlari mutasaddilarining muloqotlarini tashkil qilish maqsadida joriy yilning 25 mayidan – 26 noyabriga qadar grafik-jadvalda belgilangan kunlarda ko‘zi ojizlar turmushidagi, jamiyat faoliyatidagi muammolarni hal etishga qaratilgan uchrashuvlar amalga oshirilmoqda.   

O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati Markaziy boshqaruvi raisi ishtirokida ko‘zi ojiz fuqarolar bilan hududiy davlat hokimiyati mutasaddilarining aholi muammolarini xal etishga bag‘ishlangan muloqotlarida jami 1 ming 700 nafardan ziyod ko‘zi ojiz fuqaro o‘z murojaatlari bilan ishtirok etdi. 426 nafar murojaatchining muammolari mutasaddilar tomonidan shu joyning o‘zida hal qilindi. 1 ming 300 nafariniki o‘z joyida o‘rganilib, hal etilishi belgilab qo‘yildi.   

Murojaatchilarning 70 nafari tikuv mashinalari, 81 nafari turli xil maishiy texnika vositalari, 120 nafari shifoxona orderlari, 85 nafari sihatgoh yo‘llanmalari bilan ta’minlandi. 70 nafar ko‘rish qobiliyati cheklangan shaxslarga jarrohlik amaliyotida ko‘maklashish belgilab olindi. 80 nafardan ziyod murojaatchining uy-joyini ta’mirlashga ko‘maklashish rejalashtirildi. 100 nafarining uy-joy bilan ta’minlanish bo‘yicha murojaati o‘rganib chiqilishi tegishli komissiyalarga topshirildi.   

O‘zbekiston ko‘zi ojizlar sport federatsiyasi bilan hamkorlikda har yili reja asosida ko‘zi ojiz maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladigan sportning yengil atletika, dzyudo, shashka va shaxmat bo‘yicha tadbirlarda 11 ming 358 nafar ko‘rish imkoniyati cheklangan shaxslarning ishtirok etishi ta’minlangan.   

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA