Mamlakatimizda ko‘rishda nuqsoni mavjud insonlarni qo‘llab-quvvatlash borasida muntazam ravishda tizimli ishlar olib borilmoqda.
Urganch shahrida ko‘ngli yarim, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarni qo‘llab-quvvatlash va ularga har tomonlama yordam ko‘rsatish maqsadida Xorazm viloyat hokimligi mutasaddilarining ko‘zi ojiz insonlar bilan sayyor qabuli o‘tkazildi.
Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filialida o‘tkazilgan tadbirga viloyatning barcha tuman va shaharlaridan ko‘rishda nuqsoni bor shaxslar, ko‘zi ojizlar jamiyati vakillari taklif etildi.
So‘nggi yillarda barcha sohada bo‘lgani kabi nogironligi bo‘lgan shaxslar ijtimoiy himoyasida ham chuqur islohotlar amalga oshirilmoqda. Aytish joizki, Prezidentimizning 2017 yil 1 avgustdagi “Nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishi asosida yurtimizdagi nogironligi bo‘lgan shaxslarning turmushidagi muammolari o‘rganilmoqda.
– Afsuski, ayrim tashkilotlarda ko‘zi ojiz insonlarning murojaatiga nisbatan mas’ul shaxslar tomonidan “otangga bor, onangga bor”, qabilida javob berayotganlar ham topiladi, – deydi Xorazm viloyat oila va xotin- qizlar boshqarmasi boshlig‘i, viloyat hokimining o‘rinbosari Nigora Qutlimurodova. – Ularning muammolarini hal etishda sustkashlik hamda sansolarlikka yo‘l qo‘yilyapti. Bugungi sayyor qabulni o‘tkazishdan maqsad hamda aslida ko‘zi ojiz insonlarni qiynayotgan muammo nimada? Dastlab bunga oydinlik kiritib, keyin ularning masalasining yechimini topmoqdamiz.
Sayyor qabul davomida ko‘zi ojiz fuqarolarning ijtimoiy, iqtisodiy ahvolini yaxshilash, bandligini ta’minlash, ularga qulay shart-sharoitlar yaratish, oilalarida moddiy-ma’naviy farovonlikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.
[gallery-23284]
– Men Shavot tumanidan keldim, – deydi birinchi guruh nogironi Gulbahor Safarboyeva. – Turmush o‘rtog‘imning ham nogironligi bor. Bu yerga moddiy va tibbiy yordam so‘rab kelgan edim. Ahvolimni o‘rganib, belgilangan tartibda yordam berishadigan bo‘ldi. Oldinlari muammoli masalalarimiz bo‘lsa, idorama- idora, eshikma-eshik yurar edik. Bugun hamma mutasaddilar bir yerdaligi tufayli barcha masalalarimiz darhol bartaraf bo‘ldi.
Murojaatlar asosan moddiy yordam, bandlik, davolanish, uy-joy masalalari bo‘yichaekan. Har bir murojaat tegishli soha mutaxassislarini jalb qilgan holda o‘rganilib, qonuniy hal qilish, fuqarolarga amaliy yordam berish choralari ko‘rildi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat), O‘zA muxbirlari