Xiva shahridagi Prezident maktabida “Yosh kitobxon” respublika ko‘rik-tanlovining Xorazm viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimizning 5 muhim tashabbusi doirasida O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi tomonidan O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, Xalq ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va boshqa mutasaddi tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tanlovda Xorazmning barcha tuman va shaharlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 39 nafar yosh kitobxon uchta yosh toifasi bo‘yicha o‘zaro bellashadi.
Sinovlar «Buyuk mutafakkir va adib», «Badiiy asarlar bilimdoni» va «Erkin mavzu» deb nomlangan uchta shart bo‘yicha kun davomida bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar savollarga qanday javob berayotganligini ota-onalar va ustozlar Prezident maktabi foyesiga o‘rnatilgan katta monitor orqali onlayn kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, 10-14 yosh toifasi bo‘yicha Ogahiy nomidagi ijod maktabi o‘kuvchisi Javohir Karimov, 15-19 yoshlilar o‘rtasida Xiva shahridagi 121-son ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internati o‘quvchisi Umidjon Qutlimurodov va 20-30 yoshdagi kitobxonlar orasida Urganch tumani 6-son umumta’lim maktabining “Ona tili va adabiyoti” fani o‘kituvchisi Nafisa Nazarova g‘olib deb topildi va tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
– Aslida, bu tanlovda barcha g‘olib, – deydi O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi 5 tashabbus loyihalarini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Mansurbek Masharipov. – Chunki, ishtirokchilar tanlovga tayyorgarlik davrida ma’naviy boylik va katta bilim xazinasini qo‘lga kiritdi, dunyoqarashlari kengayib haqiqiy bilimdonga aylandi. Zero, qadimiy va betakror diyorimizdan qanchadan-qancha buyuk alloma, adib va mutafakkirlar yetishib chiqqan. Ulug‘ ajdodlarimiz yaratgan noyob asarlar umumbashariy sivilizatsiya, madaniyat, dunyoviy va diniy ilm-fan taraqqiyotiga hamon munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA