Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ko‘zga ko‘rinmas o‘g‘rilar
22:37 / 2023-06-20

Bolaligimizda “Falonchani uyini tunab ketishibdi”, “Tugunchini molxonasidagi boquvdagi bo‘rdoqi ho‘kizini hech kimga sezdirmay o‘g‘irlab ketishibdi”, “O‘g‘ri ko‘zga ko‘rinmas emish, uni kimligini organ ham topa olmayotgan emish” degan gap-so‘zlar onda-sonda bo‘lsada qulog‘imizga chalinib turardi.

Biror bir ishni ko‘zga ko‘rinmay masofadan turib, hech kimga ko‘rinmay amalga oshirilishini esa faqat fantastik asarlardagina o‘qiganmiz. Buni qarangki, bugunga kelib, hatto o‘g‘irlik ham masofadan turib, hech kimga ko‘rinmay amalga oshirilmoqda.  

Ko‘rinmas o‘g‘ri, hech kimni hatto bank xodimlarini ham ko‘ziga ko‘rinmay, biror bir iz qoldirmay, masofadan turib 3 nafar yurtdoshimizni 20 million so‘mga chuv tushirdi.  

Mashhur filmdagi “Texnika mo‘’jizasini ko‘rganmanu, lekin bunaqasini....” degan ibora yodingizga tushgan bo‘lsa ajab emas...  

Zomin tumani Dashtobod shahri “Nurafshon” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi pensioner ichki ishlar organlariga murojaat qilib, o‘zining bank plastik kartasidan 1 million so‘m puli noma’lum shaxs tomonidan uning hech qanaqa ruxsatisiz yechib olingani to‘g‘risida murojaat qiladi.

Shuningdek, joriy yilning 1 iyun kuni shu tumandagi “Bog‘ishamol” MFYda istiqomat qiluvchi yana bir fuqaroning plastik kartasidan 1 million 438 ming so‘m mablag‘ ham to‘satdan ko‘zga ko‘rinmas o‘g‘ri tomonidan yechib olinadi.

Bundan tashqari, joriy yilning 15 may sanasida tumandagi 61-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisining plastik kartasidan 1 million 100 ming so‘m mablag‘ yechib olinib, bu ham yetmaganidek, uning nomidan tijorat bankiga onlayn ariza yuboriladi va 16 million so‘m mikroqarz olinib, ana shu pullar ham hech bir to‘siqlarsiz yechib olingan.

Dono xalqimizda, qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yildan keyin ham chiqadi, degan naql bor. Lekin o‘g‘rilar ko‘zga ko‘rinmas bo‘lib, ikki daraxtning shoxida yursalar”, mamlakatimizdagi mutasaddi idora mutaxassislari bugun kerak bo‘lsa “bargida yurib”, ularning masofadan turib amalga oshirayotgan o‘g‘irliklarini 40 kunga ham qolmay fosh etmoqda.

Xullas, mazkur holat yuzasidan “ko‘zga ko‘rinmas” o‘g‘riga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

A.QAYUMOV, O‘zA