Andijon viloyati Adliya boshqarmasida Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan “Ko‘z qorachig‘iday asraylik, aziz Vatanni!” deb nomlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i Otabek Bozorov ishtirokchilarni Vatan himoyachilari kuni bilan muborakbod etdi.

Viloyat Mudofaa ishlari boshqarmasi mutasaddilari, adliya tizimi xodimlari, harbiy faxriylar ishtirok etgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining mamlakatimiz sarhadlarini himoya qilish, tinchligi va xavfsizligini ta’minlashdagi fidokorona xizmatlari alohida e’tirof etildi. Prezidentimiz tashabbusi bilan harbiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida milliy armiyamizning jangovar salohiyati yuksalib borayotganligi ta’kidlandi.

Shuningdek, tadbirda viloyat adliya boshqarmasi, uning tuman, shahar bo‘limlari tomonidan jamiyatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, yurtdoshlarimizning huquqiy bilimlarini oshirish hamda yosh avlodni qonunlarga hurmat, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida olib borilayotgan ishlar alohida qayd etildi.
Tadbirda harbiy xizmatchilarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirishdagi samarali xizmatlari uchun adliya tizimi vakillariga Qurolli Kuchlarning “Vatan himoyachisi” nishoni topshirildi.

– Faoliyatim e’tirof etilib, “Vatan himoyachisi” nishoni bilan taqdirlanganimdan xursandman, – deydi viloyat adliya boshqarmasi huquqiy axborot sho‘’basi boshlig‘i Umidjon Hakimov. – Bundan buyon yurtimiz ravnaqi yo‘lida hamda huquqiy targ‘ibot ishlarida yanada faol bo‘lishga harakat qilaman.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari