Surxondaryo viloyati Uzun tumanidagi O‘rmonchi mahallasida yashaydigan 24 yoshdagi Nozim To‘laganov soddadil odamlarni chuv tushurishning g‘aroyib yo‘lini tanladi.
U noyob kovrak shirasini terib berishni quyuq va’da qilib, daromad topmoqchi bo‘ldi. “Uddaburon” yigitning bunday “qaltis” qadamini Denov tumani Vodiy mahallasida yashovchi Solijon Niyozov (ism-shariflar o‘zgartirildi) ichki ishlar idorasiga murojaat qilib, fosh etdi.
Gap shundaki, o‘tgan yilning may oyida N.To‘laganov Solijon Niyozov va Qiziriq tumanidagi Yetimqishloq mahallasilik To‘xta Jo‘rayevga kovrak shirasini terib berishini aytib, ularning ishonchiga kiradi. Shu maqsadda 10 ming dollarini olib ketadi. Oradan ancha vaqt o‘tgach, u S. Niyozov va T. Jo‘rayevga 5 ming dollarni qaytarib beradi. Shundan so‘ng ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan uzunlik yigit “mijoz”larining qolgan 5 ming dollarini o‘z ehtiyojlariga ishlatib yuboradi.
Ayni paytda Nozim To‘laganovga Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA