O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish Davlat qo‘mitasi hamda Surxondaryo viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining “Ishonch” telefon raqamiga tabiat jonkuyarlaridan biri qo‘ng‘iroq qilib, Boysun tumanidagi O‘rta Machay mahallasi hududida tabiat boyliklariga jiddiy zarar yetkazilayotganini ma’lum qildi.
Shu kunning o‘zida Surxondaryo viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi hamda Milliy gvardiyaning viloyat bo‘yicha boshqarmasi xodimlari hamkorligida tezkor ishchi guruh tuzilib, murojaatni o‘rganish uchun Boysun tumani hokimligi zaxira yer maydoni ko‘zdan kechirildi.
Tadbir chog‘ida tabiat kushandalari hududda tabiiy holda o‘suvchi O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan tojik kavrak (Ferula tadshikorum Pimenov) o‘simligining shirasi noqonuniy olinayotgani aniqlandi.
– Mazkur murojaat o‘rganilganida huquqbuzar Alisher Boyqulov (ism-sharif o‘zgartirildi) 104 tup kovrak ildizini 2-3 marta kesib, shirasini olgani ma’lum bo‘ldi, – deydi viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati rahbari M.Nurmanov. – Bu qilmishi bilan O‘zbekiston Respublikasi “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida” gi qonunning 36-moddasi talabini buzgani uchun huquqbuzarga O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 81-moddasi 1-qismi bilan tegishli chora ko‘rildi. Bazaviy hisoblash miqdorining 5 barobari ya’ni, 1 million 500 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarima qo‘llanildi. Shuningdek, undan o‘simlik dunyosiga yetkazilgan 15 million 600 ming so‘m zararni undirib olish belgilandi.
Ma’muriy jarima shu kunning o‘zida to‘liq undirildi. Ayni paytda o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zararni qoplash chorasi ko‘rilmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA