Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kosonsoylik o‘quvchi traktor yasamoqda
08:25 / 2024-01-30

“Qishloqdagi iqtidorlar”

Namangan viloyati Kosonsoy tumani Jar mahallasida yashovchi Umarjon Yo‘ldoshevning asl mutaxassisligi o‘ymakor-naqqosh, hozirda quruvchilik qiladi. To‘ng‘ich farzandi Nurmuhammad Namangan muhandislik-texnologiya instituti talabasi. Ikkinchi farzand  Muhammadsodiq hali maktab o‘quvchisi. Bu oilada voyaga yetayotgan farzandlarning o‘qishga, ilm olishga ishtiyoqi baland.

Aynan koronavirus pandemiyasi davrida Umarjonning ikkinchi o‘g‘li Muhammadsodiqning intilishlari-yu sa’y-harakatlari bilan bugun Yo‘ldoshevlar xonadonini butun O‘zbekiston taniydi.    

- Muhammadsodiq bolaligidanoq hamma narsaga o‘ta qiziquvchan edi, - deydi Umarjon. – Darsdan bo‘sh paytlari traktorchi bobosining yonidan jilmas, ta’til kunlari esa texnikaning ma’lum bir qismi qanday vazifani bajarishini so‘rayverib, tinchlik bermasdi. Karantin sabab hammamiz uyga «qamalib» qolganimizda esa u anchadan beri o‘ylab yurgan orzusi - qulay, ixcham traktor yaratishga kirishdi.  

Shu tariqa minitraktor tayyor bo‘ldi. Issiqxonalarda ishlashga moslab yaratilgan mazkur texnikaga darhol hamqishloqlardan xaridorlar ham chiqdi va endi Yo‘ldoshevlar buyurtma asosida ishni boshlab yuborishdi.  

- Hozirgacha qirqdan ortiq traktor yasab sotdik, - deydi yosh ixtirochi. - Ular yordamida bog‘ va tok oralarini, issiqxonalarni shudgorlash, dori sepish, o‘t o‘rish mumkin. Shuningdek, yer haydashda, kultivatsiya qilishda, ekin ekish va shunga o‘xshash turli qishloq xo‘jaligi ishlarini bajarishda qo‘l keladi. Eng muhimi, mazkur texnikalarimizning yoqilg‘i sig‘imi besh litr va bu bilan ikki gektardan ortiq yerni haydash mumkin.  

Namangandan chiqqan yosh ixtirochining nomi respublikagacha yoyildi va u O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi yoshlar akademiyasi kengashining 1-sonli qaroriga asosan «Bo‘lajak olim» tanlovining g‘olibi deb topildi. Shuningdek, Muhammadsodiq Abduxalilovga a’zolik sertifikati va ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun 94 million so‘m mablag‘ topshirildi.  

[gallery-15695]

Ayni paytda Muhammadsodiq obodonlashtirish ishlari uchun benazir hisoblangan maxsus uskuna yaratish ustida ishlayapti. Uning yordamida kuz mavsumida ortiqcha kuch va vaqt sarflamay xazonlarni yig‘ishtirish mumkin bo‘ladi.  

Yo‘ldoshevlar xonadonida voyaga yetayotgan uchinchi farzand Muhammadzohir esa ko‘proq robototexnika shaydosi. Kim biladi deysiz, yaqin kunlarda u yaratgan mahsulotlar ham akasining minitraktorlari kabi ko‘pchilikni lol qoldirar. Buni endi vaqt ko‘rsatadi.

Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA