Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kosonsoyda mehnat jarayonlari barqaror
15:40 / 2020-08-02

Mazkur loyihalar toʻliq ishga tushirilsa 1 ming 300 ta yangi ish oʻrni yaratilishi koʻzda tutilgan.


Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida ham pandemiya munosabati bilan hukm surayotgan murakkab vaziyatlarga qaramay ijtimoiy va iqtisodiy sohalarda joriy yil uchun qabul qilingan dastur va rejalarga muvofiq mehnat va islohiy jarayonlar barqaror suratlarda davom ettirilmoqda.

Bu, jumladan, Goʻrmiron mahallasida qariyb uch gektar maydonda qad rostlayotgan ikkita koʻp qavatli, 40 ta xonadonli turar-joy binosi, buyum, dehqon va hayvon bozorlari hamda avtoturargohlarda kechayotgan qurilish jarayonlarida ham oʻzining yorqin ifodasini topmoqda.

Umumiy qiymati 16 milliard soʻmga teng boʻlgan loyiha asosida mazkur keng koʻlamli bunyodkorlik majmuasida “Osmon sayyorasi” masʼuliyati cheklangan jamiyati buyurtmasiga binoan “Hasanobod” masʼuliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan hozirgacha 10 milliard soʻmlikdan ziyod hajmdagi qurilish-montaj ishlari bajarildi.

Bundan tashqari “Namuna”, “Tergachi”, “Goʻrmiron” kichik sanoat zonalarida yengil sanoat, qurilish industriyasi, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash kabi koʻplab yoʻnalishlarda umumiy qiymati 417 milliard soʻmga teng 50 ga yaqin loyihani amalga oshirish ustida izlanishlar davom ettirilmoqda. Mazkur loyihalar toʻliq ishga tushirilsa 1 ming 300 ta yangi ish oʻrni yaratilishi koʻzda tutilgan.

“Ohangaron binokori” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga qarashli gipsokarton ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, ellik kishi ish bilan taʼminlangan korxonada qiymati 1,5 million dollarga teng loyihaga koʻra xitoy texnologiyasi asosida import oʻrnini bosuvchi va eksportbop qurilish materiali ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Faoliyat boshlaganiga atigi toʻrt oy boʻlgan mazkur korxonada kuniga 3 mingta yoki bir oyda 2 milliard soʻmlikdan ziyod mahsulot tayyorlanmoqda. Eʼtiborlisi, oʻtgan qisqa vaqt mobaynida 165 ming dollarlik mahsulotni qoʻshni respublikalar bozoriga chiqarishga ham ulgurilgani korxonaning istiqbolidan dalolat beradi.

—Mahsulot turi va ishlab chiqarish hajmini yana-da kengaytirish, qoʻshimcha zavod qurishni va yana 70 ta ish oʻrni yaratish maqsadidamiz, - deydi tadbirkor Yu. Temirov. – Bu tashabbusimiz viloyat rahbari tomonidan qoʻllab-quvvatlanda va “Tuyatoʻydi” kichik sanoat zonasidan yer maydoni va 550 ming dollar kredit ajratilishi masalasida mutasaddilarga topshiriq va tegishli koʻrsatma berdi. Albatta, bu imkoniyatlardan oqilona foydalanib, el-yurtimiz farovonligi yoʻlidagi izlanishlarda davom etaveramiz.

Xuddi shuningdek, tadbirkor A.Yusupov rahbarlik qilayotgan “Temir beton” masʼuliyati cheklangan jamiyatida ham xitoy texnologiyasi asosida kuniga 100 ga yaqin yoki oyiga 1 milliard 200 million soʻmlik lotok – quyma ariq, quduqlar uchun halqa quvur (kolodes), bardyur, plita kabi ob-havo taʼsiri va ogʻir bosimga chidamli, meʼyoriy standartlar talablariga toʻla javob beradigan beton mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. 2,5 milliard soʻm bank krediti, 1,5 milliard soʻm tadbirkor sarmoyasi jalb etilgan mazkur korxonada ayni paytda yigirma kishi mehnat qilmoqda. Temir-beton mahsulotlariga ehtiyoj ham katta boʻlganligi bois ayni korxonada mahsulot turi va hajmini koʻpaytirish loyihasi ustida ish olib borilmoqda. Yaqin kunlarda bu yerda elektr tarmoqlari uchun maxsus tayanch ustunlarini tayyorlash ham yoʻlga qoʻyiladi.

“Gulobod” mahallasida qad rostlagan toʻrt qavatli “Ixlos medical center” tibbiy diagnostika markazi ham yurtdoshlarimizga yuqori sifatli tibbiy xizmat koʻrsatishni boshlash arafasida turibdi. Loyiha qiymati 6 milliard soʻm boʻlgan ushbu tibbiyot muassasasida bir vaqtning oʻzida 60 kishiga terapiya, ginekologiya va urologiya sohalarida tibbiy xizmat koʻrsatiladi va bu yerda qirqqa yaqin ish oʻrni yaratiladi.

Pandemiya karantini sharoitida aholining ijtimoiy-maishiy shart-sharoiti, tadbirkorlik subyektlari, ijtimoiy muassasalar faoliyati barqarorligini taʼminlash maqsadida joylarda bugungi holatni oʻrganib yurgan viloyat hokimi X.Bozorov rahbarligidagi ishchi guruhi Kosonsoy tumanida yuqorida aytib oʻtilgan va boshqa obyektlarda boʻlib, tadbirkorlar, mehnat jamoalari hamda aholi vakillari bilan muloqotda boʻldi.

- Yurtimizda kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida eʼtibor, bu yoʻnalishdagi loyihalarning har tomonlama qoʻllab-quvvatlanayotgani qishloq joylarida ham ishlab chiqarish korxonalarining koʻpayishiga, yangi ish oʻrinlarini yaratilishiga va aholi turmush farovonligining oshishiga xizmat qilmoqda, - dedi viloyat rahbari. -Aholini ish bilan taʼminlash va pirovardida hayot farovonligini oshirishga xizmat qiluvchi bunday loyihalarni oʻz vaqtida amalga oshirish, ularning soni va sifatini puxta koʻrib chiqish, har qarich yerdan unumli foydalanish, dasturga kiritilgan chora-tadbirlarning ijrosi ustidan tizimli nazorat oʻrnatish, tasdiqlangan loyihalarni bajarishning samaradorligini taʼminlash muhim ahamiyatga ega. Yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etishni ragʻbatlantirish, erkin iqtisodiy zona va ilgʻor rivojlanish hududlarini yaratish, korxonalar oʻrtasida kooperatsiyani chuqurlashtirish, mahsulot tannarxini pasaytirish va uning raqobatbardoshligini oshirish, mahalliy mahsulotlarning tashqi bozorlarga eksportini koʻpaytirishimiz zarur.