French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kosonsoy – Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tumanga aylanadi
15:53 / 2025-11-14

Prezidentimizning shu yil 16-17 sentyabr kunlari Namanganga tashrifidan so‘ng, Kosonsoy tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Binobarin, tumanda tadbirkorlar tashabbuslari asosida ishlab chiqarish korxonalari soni va samaradorligini oshirishga e’tibor qaratilmoqda.

Jumladan, “Namuna” kichik sanoat zonasida joylashgan “Terry jar textile” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan 7 million AQSH dollarini tashkil etuvchi loyiha doirasida Turkiya texnologiyasi asosida paypoq mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. U to‘liq ishga tushgach, 250 kishi doimiy ish o‘rni bilan ta’minlanadi.

Shuningdek, “Yangiyul juice factory” mas’uliyati cheklangan jamiyatda umumiy qiymati 15 million dollarga teng bo‘lgan mevani qayta ishlash va bolalar ozuqalarini ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda. Amaliy ishlar yakunlangach, 200 nafardan ortiq doimiy ish o‘rinlari yaratiladi.

“Firdavs ozod diyori” mas’uliyati cheklangan jamiyat tarafidan umumiy qiymati 10 milliard so‘mga teng polietilen truba ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib, 30 nafar fuqaroning bandligi ta’minlansa, “Namuna broyler” mas’uliyati cheklangan jamiyat tashkil etayotgan 1 million dollarlik parrandachilik loyihasi asosida esa yiliga 4,5 ming tonna parranda go‘shti yetishtirilishi evaziga 20 nafardan ortiq yangi ish o‘rinlari barpo etiladi.

Kichik sanoat zonasidagi loyihalarning borishi bilan yaqindan tanishgan Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov “Namuna”dagi qurilish ishlari, keltirilgan yangi texnologiyalar va kelgusi rejalar xususida tadbirkorlik sub’ektlari vakillari bilan suhbatlashdi. Viloyat rahbari “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida har bir loyihaning o‘z o‘rni va ahamiyati bor ekanligi, jarayonlarni tezlashtirish lozimligini ta’kidladi. 

Qayd etish joiz, davlatimiz rahbarining Kosonsoy va Norin tumanlarida yangilanish va bunyodkorlik ishlarini jadal olib borilish, ushbu tumanlar infratuzilmasini yangilash, aholi uchun munosib yashash sharoitlari yaratish, kommunikatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish hamda turizmni rivojlantirish bo‘yicha bergan muhim topshiriqlaridan kelib chiqqan holda, har ikki hududga 100 milliard so‘mdan mablag‘ ajratildi va bu ularga “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman” maqomini berishga asos bo‘ldi. 

Mazkur tashabbus doirasida aholining yashashi va tadbirkorlik faoliyati uchun qulay muhit yaratish, “Taraqqiyot va yetakchilik maskani” dasturi asosidagi loyihalarni zarur infratuzilma bilan ta’minlash rejalashtirilgan.

Namangan viloyat hokimi Kosonsoydagi o‘rganishlar chog‘ida, tumanni rivojlantirish dasturi bilan tanishish asnosida, Prezidentimiz qarori asosida ajratilayotgan mablag‘lardan samarali foydalanish, loyihalarni yanada takomillashtirish, har bir ob’ekt bo‘yicha individual yondashish hamda tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratish zarurligini ta’kidladi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.