Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 11 dekabrda qabul qilingan “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha viloyat amaliy seminari bo‘lib o‘tdi.
Tumandagi “Jamoliddin Abduvohid bog‘lari” fermer xo‘jaligida bu borada to‘plangan tajribalarni ommalashtirishga qaratilgan mazkur seminarda Namangan viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Abdurazzoqov, viloyat va tuman sektor rahbarlari, klaster hamda qishloq xo‘jaligiga daxldor mutasaddilari ishtirok etdi.
Kosonsoyning murakkab suv ta’minoti tizimida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, suvdan samarali foydalanish va uning behuda sarfini oldini olish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada qabul qilingan ko‘plab qaror va farmonlar bilan yaratilgan imkoniyat va qulayliklar, berilayotgan imtiyozlar fermer xo‘jaliklari uchun ayni muddao bo‘lib, ekin yerlari, bog‘ va tokzorlarning 55-60 foizigacha bo‘lgan qismini zamonaviy sug‘orish texnologiyalari asosida sug‘orish tizimiga o‘tkazish choralari ko‘rilmoqda.
[gallery-788]
“Jamoliddin Abduvohid bog‘lari” fermer xo‘jaligi tomonidan o‘tgan yili 252 gektar paxta va 57 gektar bog‘ maydonida tomchilatib sug‘orish texnologiyalari joriy etilib, ushbu fermer xo‘jaligiga qaror asosida 8 million so‘mdan subsidiya ajratildi va kredit mablag‘larining bir qismi qoplab berildi.
2021 yil uchun tasdiqlangan rejaga asosan tumanda 1260 gektar paxta maydonida tomchilatib sug‘orish, 160 gektar maydonda egiluvchan quvurlar bilan, 100 gektar maydonda plyonka to‘shab sug‘orish texnologiyalarini tatbiq etish ko‘zda tutilgan. Tumanda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish hisobiga 44 million kub metr suvni iqtisod qilish imkoniyati yaratiladi.
Yig‘ilishda asosiy masala tomchilab sug‘orish texnologiyasini keng joriy etish, suvdan unumli foydalanish va qanday tartibda shartnoma qilish, yangi texnologiyalarni o‘rnatish borasida yig‘ilganlarga soha mutaxassislari tomonidan tushuntirishlar berildi.
Viloyat seminari yakunida qishloq xo‘jaligida amalga oshiriladigan agrotexnik tadbirlar, sug‘orish va o‘g‘itlash masalalari ham muhokama etildi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA