Qashqadaryo viloyati Koson tumanida joriy yilda 285 kilometr ichki sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish rejalashtirilgan. Bu haqda Amu-Qashqadaryo ITHB matbuot xizmati ma’lum qildi.
Bu ishlar qishloq xo‘jaligida suvdan samarali foydalanish, yo‘qotishlarni keskin kamaytirish va yerlarning unumdorligini oshirishga xizmat qiladi.
Loyiha doirasida tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi xodimlari tomonidan fermer xo‘jaliklari a’zolari hamda mahalla aholisi bilan muntazam uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Ularda aholi o‘rtasida “suv tekin” degan qarashdan voz kechish, mavjud resurslardan oqilona va tejamkor foydalanish g‘oyasi keng targ‘ib etilmoqda.

Ayni kunlarda tumandagi fermer xo‘jaliklariga qarashli ichki sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish ishlari jadal sur’atlarda amalga oshirilmoqda. Bu orqali sug‘orish tizimlarining samaradorligi oshirilib, suvning bekorga yo‘qolishining oldi olinadi.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, ichki tarmoqlarni betonlashtirish har bir tomchi suvdan unumli foydalanish imkonini yaratadi. Bu esa nafaqat hosildorlikni oshiradi, balki suv tanqisligi sharoitida barqaror qishloq xo‘jaligini ta’minlashga xizmat qiladi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri