Kosonda 56 million so‘mdan ortiq asossiz qarzdorlik sud orqali bekor qilindi
Joriy yilning may oyi davomida Qashqadaryo viloyati Koson tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga 8 ta da’vo arizasi kiritildi. Da’volarning barchasi tabiiy gaz ta’minoti sohasida iste’molchilarning huquqlari buzilishi bilan bog‘liq bo‘lib, sudlar tomonidan da’vo talablari to‘liq qanoatlantirildi va iste’molchilarga noqonuniy hisoblangan 56 million so‘mdan ortiq qarzdorlik bekor qilindi.Xususan, tumanning Nartibaland mahallasida yashovchi fuqaro B.B. iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga qilgan murojaatida xonadonida hech kim yashamayotganligi sababli 2012 yilning yanvar oyida dalolatnoma asosida tabiiy gaz tarmog‘idan uzilganligi, biroq shunga qaramasdan gaz idorasi tomonidan shu kunga qadar xonadon uchun gaz sarfi hisoblab borilib, asossiz qarzdorlik chiqarilganini ma’lum qilgan. Murojaat o‘rganilganida, 8 million 47 ming so‘m qarz noqonuniy hisoblangani aniqlandi.
Shuningdek, Araliq mahallasida yashovchi fuqaro Z.R. o‘z murojaatida 2018 yil mart oyida xonadoni tabiiy gaz tarmog‘idan uzilgan bo‘lsada, qarzdorlik hisoblab borilganini bildirgan. Murojaatni o‘rganish davomida aniqlangan 9 million 461 ming so‘m qarzdorlikni bekor qilish to‘g‘risida sudga kiritilgan da’vo qanoatlantirilib, asossiz hisoblangan qarz iste’molchining hisobidan chiqarildi.
O‘zA