Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kosmosda yangi front: RF va XXR sun’iy yo‘ldoshlari G‘arb aloqa tarmoqlarini kuzatmoqda
14:26 / 2025-11-11

Buyuk Britaniya va Germaniya rasmiylari Rossiya hamda Xitoy sun’iy yo‘ldoshlari faol ravishda G‘arbning aloqa va mudofaa tarmoqlarini kuzatayotgani haqida jiddiy ogohlantirish berdi.

– RFning kosmosdagi harakatlari barchamiz uchun fundamental xavfga aylandi, endi bunga ko‘z yuma olmaymiz, -dedi GFR mudofaa vaziri Boris Pistorius.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Kremlning ikki sun’iy yo‘ldoshi yaqinda “IntelSat” kompaniyasining harbiy aloqa sun’iy yo‘ldoshlarini kuzatayotgani aniqlangan. Bu holat NATO uchun xavotirli, chunki aloqa va navigatsiya tarmoqlarining buzilishi harbiy amaliyotlar va fuqarolik aviatsiyasini falaj qilishi mumkin.

Birlashgan Qirollik kosmik qo‘mondonligi rahbari general Pol Tedman esa ushbu yo‘ldoshlar “deyarli har hafta” Britaniya apparatlariga yaqinlashib, signallarni tutib olish va to‘sish harakatlarini amalga oshirayotganini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, NATO bosh kotibi Mark Rutte ruslarning kosmosda yadro qurollari joylashtirish rejalari haqida ogohlantirgan. Bu ayblovlar rad etilgan bo‘lsada, Moskva 2024 yilda BMT rezolyutsiyasiga veto qo‘ygan edi.

Ekspertlarfikricha, rus yo‘ldoshlari ko‘pincha G‘arb apparatlariga juda yaqin masofada “sokin kuzatuv” olib boradi, bu esa ularni “uyqudagi qurollar” deb atashga sabab bo‘lmoqda.

XXR ham bu borada ortda emas. Ular hatto boshqa yo‘ldoshlarni orbitadan surib chiqara oladigan sun’iy yo‘ldoshni sinovdan o‘tkazgan.

Yevropa mamlakatlari xavfga javoban kosmik dasturlarni kengaytirmoqda: Germaniya keyingi besh yilda €35 milliard sarmoya kiritishni rejalashtirgan. Britaniya esa lazer tahdidlarini aniqlovchi qurilmalarni sinovdan o‘tkazmoqda. Fransiya “bodyguard” deb nomlanuvchi boshqa yo‘ldoshlarni himoya qila oladigan apparatlar ustida ishlamoqda.

– Kosmos endi raqobat emas, balki xavfsizlik maydoniga aylandi. Har bir signal, har bir yo‘ldosh — yangi front, -deydi tahlilchi Yuliana Zyus.

Musulmon Ziyo, O‘zA