Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kosmik texnologiyalardan atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatish uchun foydalanish taqiqlanadi
16:32 / 2024-07-18

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan «Kosmik faoliyat to‘g‘risida»gi qonun loyihasi yuzasidan seminar o‘tkazildi. Videokonferensaloqa shaklida o‘tgan seminarda Qonunchilik palatasi deputatlari, Raqamli texnologiyalar, Mudofaa vazirliklari, Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligining rahbar xodimlari hamda xorijiy ekspertlar ishtirok etdi.

Seminarni qo‘mita raisi Ilhom Abdullayev kirish so‘zi bilan ochar ekan, keyingi yillarda kosmik faoliyat ilmiy va texnologik taraqqiyotning yetakchi tarmoqlaridan biriga aylanganini alohida e’tirof etdi. Ijtimoiy-iqtisodiy hayotning ko‘plab sohalarini rivojlantirishda ushbu sohaning roli, ahamiyati tobora ortib borayotgani, shuning uchun mamlakatimizda ham kosmik faoliyatni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini qayd etdi.  

Tadbirda ta’kidlanganidek, kosmik faoliyatning asosiy maqsadlaridan biri mamlakatning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, mudofaa qobiliyati va xavfsizligini mustahkamlash, iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirishni jadallashtirishdan iborat. Ammo bugungi kunda kosmik faoliyat tamoyillari, davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, sohaga mas’ul organlar, ularning sohani tartibga solish bo‘yicha vakolatlari va vazifalarini belgilab beruvchi alohida qonun yo‘q.  

Shu bois ishlab chiqilgan «Kosmik faoliyat to‘g‘risida»gi qonun loyihasi orqali kosmik faoliyatning bir qancha tamoyillari belgilab berilmoqda. Jumladan, kosmik sohada teng huquqli va o‘zaro manfaatli xalqaro hamkorlik qilish, kosmik faoliyatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlash va uni rag‘batlantirish, kosmik texnologiyalardan foydalangan holda sohalar shaffofligi va raqamlashtirish darajasini oshirishga ko‘maklashish kabilar belgilanmoqda.

Shuningdek, loyihada mamlakatning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, mudofaa qobiliyati va xavfsizligini mustahkamlashga ko‘maklashish hamda iqtisodiy tarmoqlarning raqamlashtirilishini jadallashtirish kosmik faoliyatning asosiy maqsadlaridan biri etib belgilanmoqda.

Bundan tashqari, kosmik faoliyatni amalga oshirishda odamlarning hayoti va sog‘lig‘iga bevosita tahdid yaratish, ommaviy qirg‘in qurolini kosmik fazoga chiqarish, kosmosga joylashtirish yoki bunday qurollarni sinovdan o‘tkazish, atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatish uchun kosmik texnologiyalardan yoki osmon jismlaridan foydalanish hamda fazoni ifloslantirish bo‘yicha xalqaro normalar va standartlarni buzish qat’iyan man qilinmoqda.

Qonun loyihasida kosmik ob’ektning uchirilishi natijasida odamlar yoki hayvonlar nobud bo‘lsa, shuningdek, fuqarolar va atrof-muhitga zarar yetkazilsa, kosmik faoliyat sub’ektlariga yetkazilgan zarar O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksida belgilangan tartibda qoplanishi shartligi belgilanmoqda.

Seminar davomida deputatlar va soha vakillari qonun loyihasida o‘z aksini topgan norma va tartiblarni atroflicha muhokama qildilar. Hujjat loyihasining mazmuni va ahamiyati haqida fikr-mulohazalar bildirilib, uni yanada takomillashtirish bo‘yicha qator taklif va tavsiyalar berildi.

Muhtarama Komilova, O‘zA