Bugungi kunda “O‘zbekkosmos” agentligi kosmik tadqiqotlar sohasini yanada rivojlantirish, hududlarda aerokosmik texnologiyalarni joriy etish orqali iqtisodiyot tarmoqlaridagi muammolarni aniqlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni boshqarishda samaradorlikni oshirish kabi bir qator yo‘nalishlarda faol ish olib bormoqda.
Xususan, bu borada asosiy e’tibor vazirlik va idoralar, qolaversa, mahalliy hokimliklar bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga qaratilmoqda. Ayni shu maqsadda agentlik vakillari viloyatlarda sayyor uchrashuvlarni o‘tkazishmoqda.
Ana shunday uchrashuvlardan birida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev ishtirok etdi va unda hududning dolzarb muammolarini zamonaviy kosmik texnologiyalar yordamida hal etish masalasi ko‘rib chiqildi.

Jumladan, Davlat kosmik monitoringi dasturi doirasida Qoraqalpog‘istonda sun’iy yo‘ldosh kuzatuvlarini faollashtirish, ekologiya, geologiya, qishloq va suv xo‘jaliklari hamda yer munosabatlari kabi sohalarda kosmik tasvirlardan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur uchrashuvning ahamiyatini Ekologik vaziyatni aniq baholash, qishloq xo‘jaligida hosildorlikni oshirish va suv tanqisligini kamaytirish, yer munosabatlarida shaffoflik va tartibni ta’minlash, geologik xavflarni erta aniqlash, kadrlar tayyorlash – barqaror faoliyat kaliti kabi strategik yo‘nalishlarda ko‘rish mumkin.
Uchrashuvda muhokama qilingan asosiy masalalardan yana biri kadrlarni qayta o‘qitish bo‘ldi. Sababi kosmik tasvirlardan samarali foydalanish uchun hududiy idoralarda malakali mutaxassislar bo‘lishi talab etiladi. Bu orqali yangi texnologiyalarni joriy etish, ma’lumotlarni tahlil qilish sifatini yaxshilash va geoaxborot tizimlarni integratsiya qilish jarayonlarini jadallashtirish mumkin bo‘ladi.
Nigora Rahmonova, O‘zA