Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kosmik fazoni tadqiq etishda O‘zbekiston ham ishtirok etadi
12:04 / 2024-10-14

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Kosmik fazo, shu jumladan Oy va boshqa samoviy jismlarni tadqiq qilish va ulardan foydalanish bo‘yicha davlatlarning faoliyat tamoyillari to‘g‘risida”gi shartnomaga (London, Moskva va Vashington, 1967 yil 27 yanvar) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqidagi Qonuni imzolandi.

Bu davlatimiz rahbarining 2022 yil 23 noyabr sanasidagi “Kosmik tarmoqni yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “2022-2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasining kosmik tarmog‘ini yanada rivojlantirishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi”ga muvofiq amalga oshirilmoqda.

Qayd etish lozim, “Kosmik fazo, shu jumladan Oy va boshqa samoviy jismlarni tadqiq qilish va ulardan foydalanish bo‘yicha davlatlarning faoliyat tamoyillari to‘g‘risida”gi Shartnoma AQSH, Buyuk Britaniya va Sovet Ittifoqi tomonidan 1967 yil 27 yanvarda imzolangan va 1967 yil 10 oktyabrdan kuchga kirgan. Bugungi kunda unga 114 ta davlat qo‘shilgan. Mazkur hujjat kosmik fazoning huquqiy asoslarini belgilab beruvchi 17 ta moddani o‘z ichiga oladi.

Shartnomaga qo‘shilish O‘zbekiston uchun bir qator xalqaro kosmik huquqlarni taqdim etadi. Xususan, hech qanday diskriminatsiyasiz kosmik fazo va samoviy jismlarni tadqiq qilish va ulardan tinch maqsadlarda foydalanish, ortiqcha to‘siqlarsiz erkin tarzda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, bu borada davlatlararo tenglikka ega bo‘lish, uchirilgan kosmik ob’ektlar va ularning ekipajlari ustidan yurisdiksiya hamda nazoratni saqlab qolish, kosmik sohada faoliyat yurituvchi davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish orqali texnologiyalar transferini jadallashtirish kabi ko‘plab normalar shular jumlasidandir.

Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekistonning “Kosmik fazo, shu jumladan Oy va boshqa samoviy jismlarni tadqiq qilish va ulardan foydalanish bo‘yicha davlatlarning faoliyat tamoyillari to‘g‘risida”gi shartnomaga qo‘shilishi bo‘yicha qabul qilingan qonun, mamlakatimizning kosmik sohadagi huquqiy tizimi xalqaro umume’tirof etilgan prinsiplar va normalarga asoslangan holda rivojlanayotganidan dalolat beradi.

N.Rahmonova, O‘zA