Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Kosmetologiya «o‘yin»lari: millionlarga chuv tushayotgan ayollar
18:37 / 2022-08-05

Kuzatuvlarga ko‘ra, hozirda 3-6 oylik kurslarni tugatib, kosmetologiyada faoliyat yuritayotganlar ko‘p. Kurs sertifikati bilan ish olib borayotganlarga yuzlanganimizda, ular sohada kadrlar yetishmovchiligi borligi, kurslar har jihatdan foydali ekanligini aytishdi.

Biroq, ularning faoliyati nazoratdami, mabodo, sifatsiz xizmat ko‘rsatishsa, kim javob beradi? Axir birgina noto‘g‘ri muolaja yuzda bir umrlik nuqsonni qoldirishi mumkin. Aslida kosmetolog bo‘lish uchun tibbiyot oliygohlarida dermatologiya yo‘nalishida tahsil olishi kerak emasmi?

Bir so‘z bilan aytganda, inson yuzida amaliyotlar o‘tkazish chuqur ilm talab qiladi. Ammo, bugun sohada to‘liq malakali mutaxassislar ishlamayotgani, xizmat ko‘rsatishda muammolarni tug‘dirmoqda.

MUROJAATLAR IZIDAN

O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasi xodimlari ayrim kosmetologlarning turli «o‘yin»larga oydinlik kiritdi. Federatsiyasiga kelib tushayotgan murojaatlarda ko‘pchilik mijozlar bu borada chuv tushayotganini bildirgan.

Masalan, Gulchehra Hamidova “Asthetik lab” klinikasi bilan 6 500 000 so‘mga shartnoma tuzgan. Biroq, keyin muolajalardan foydalanishni istamay, shartnomani bekor qilaman, deganida 2 000 000 so‘mini qaytarib ololmagan.

Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumanida yashovchi Ayna Sugiryova esa xuddi shu klinika xodimlari undan aldov yo‘li orqali 1 000 000 so‘m olganidan norozi bo‘lib murojaat qilgan. Bunday arizalar soni talaygina. Federatsiya murojaatchilar muammosini o‘rganib, aldangan ayollarning pulini qaytarilishida huquqiy yordam berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, klinika xodimlari ayollarga qo‘ng‘iroq qilib, klinikaga taklif qilgan va yuzlarida ba’zi muolajalarni amalga oshirgan.

Shundan so‘ng, shartnoma tuzishga undashgan. Ayollar yonida katta miqdordagi pul mablag‘i yo‘qligini aytishsa-da, uylariga borib kelish uchun xizmat ko‘rsatuvchi mashina berishlarini ham taklif etishadi.

Xullas, qanday qilib bo‘lmasin, mijoz bilan shartnoma tuzishga harakat qiladi. Albatta, bu biznes deyishingiz mumkin, biroq sodda mijozlar ularning gaplariga ishonib, keyinchalik qiyin ahvolga tushib qolishayotgani achinarli.

Klinika eng kamida 5 - 6 mln. so‘mlik shartnoma tuzishni tavsiya etadi, shuningdek, «sovg‘a-vaucher» yutgan mijozga xizmat ko‘rsatish lozim bo‘ladi, boshqa xizmatlardan foydalanish esa mijozning xohishi.

Federatsiya xotin-qizlarimiz yo‘liqayotgan bu kabi muammolarning kun sayin ortayotganini inobatga olib, klinikalar bilan shartnoma tuzayotganda ayollarni ehtiyotkor bo‘lishga chaqiradi. Shuningdek, bizningcha, kosmetologlarni ham qonuniy jihatdan nazorat qilish lozim. Boisi ular ham tibbiyot xodimlari singari insonlar sog‘ligi va hayoti bilan bog‘liq jarayonlarni amalga oshiradi.

Gulnoza Sharafova, O‘zbekiston iste’molchilar 

huquqlarini himoya qilish federatsiyasi xodimi