Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korxonaning ishlab chiqarish hajmi ortmoqda
20:10 / 2023-12-15

“O‘zsanoatqurilishbank” tomonidan Toshkent viloyati Piskent tumanidagi “Zhongtian Chemical” o‘zbek-xitoy qo‘shma korxonasiga press-tur tashkil etildi.

Mamlakatimizda bozor iqtisodiyoti mexanizmining ishlashida kimyo sanoatining rivoji muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Shu bois islohotlarda ushbu yo‘nalishda zamonaviy sanoat korxonalarini tashkil etishda xorijiy investitsiyalarni jalb qilishga katta e’tibor qaratilmoqda. 

Piskent tumanidagi “Zhongtian chemical” mas’uliyati cheklangan jamiyati ham xitoylik sarmoyadorlar ishtirokida ishga tushirilgan. O‘z navbatida “O‘zsanoatqurilishbank” tomonidan 32 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilgan. E’tiborlisi bu loyiha O‘rta Osiyoda yagona bo‘lib, u yerda tog‘-kon sanoatida keng qo‘llaniladigan ksantogenat kimyoviy moddalari ishlab chiqarilmoqda. 

Bugungi kunda mazkur MCHJning ichki bozordagi hamkorlari Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari hisoblanadi. Bundan tashqari, korxona mahsulotlari Xitoy, Rossiya va qo‘shni davlatlarga eksport qilinmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida bu boradagi ko‘rsatkich 9 million dollarni tashkil etdi. 

[gallery-15095]

– Qo‘shma korxona faoliyati 2019-2022 yillarda viloyatning sanoat salohiyatini rivojlantirish maqsadida shakllantirilgan loyihalar qatorida yo‘lga qo‘yildi, – deydi mazkur korxona boshqaruvchisi Jahongir Aliyev. – Buning uchun bizga “Kelovchi” QFY hududidagi bo‘sh turgan bino va inshootlar bilan birga 12,3 gektar maydon ajratib berildi. Birinchi bosqichda umumiy qiymati 5 million dollarlik loyiha ishga tushirilib, 150 dan ziyod mahalliy aholining bandligi ta’minlandi. 

Joriy yilda korxona faoliyatini kengaytirishga qaratilgan yana bir loyihaga qo‘l urilib, uni amalga oshirish maqsadida “O‘zsanoatqurilishbank” tomonidan 2,4 million yevro miqdorida kredit ajratildi. Natijada korxona ishchilari soni 200 dan ortdi, joriy yilning yanvar-noyabr oylari davomida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3 ming tonna ko‘p, ya’ni 17 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarildi. 

Press-turda ommaviy axborot vositalari vakillari kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishda jamiyatning istiqboldagi rejalari bilan tanishtirildi. 

A.Musayev, D.Ernazarov, (surat), O‘zA.