Korxonaning eksport salohiyati o‘rganildi
Yangi Namangan tumanida joylashgan “Tejamkor tekstil” korxonasida ishlab chiqarish jarayonlari va eksport ko‘rsatkichlari bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borildi. Korxona to‘qimachilik mahsulotlarining 10 turini ishlab chiqarayotgan bo‘lib, tayyor mahsulotlar Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Rossiya davlatlariga eksport qilinmoqda.
Korxona 2023 yilda 5 million AQSH dollari, 2024 yilda 6 million dollarlik eksport hajmiga erishgan bo‘lsa, o‘tgan 2025 yilda esa bu ko‘rsatkich 7,5 million dollarga yetkazildi. Mavjud 1-blokda 70 nafar xodim faoliyat yuritmoqda, xorijiy investorlar ishtirokida tashkil etilgan yangi blokda esa 200 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Tuman hokimi A. Qoraboyev korxona faoliyati bilan tanishib, ishlab chiqarishni yanada kengaytirish, eksport salohiyatini oshirish va yangi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar berdi.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA