Ayni kunlarda Energetika vazirligi huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda elektr ta’minoti korxonalari mutaxassislari bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan tadbirlarda iste’molchilar tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlanmoqda.
Joriy yilning 15 avgust kuni tashkil etilgan ana shunday tezkor tadbirlar Toshkent viloyatida davom ettirildi. Unda aniqlanishicha, Quyi Chirchiq tumanidagi “Sergeli” MFYda joylashgan “Sanfa Engineering Co LTD” MCHJ elektr tarmog‘iga noqonuniy ulangan. Bu holat esa davlat manfaatlariga 226 million 366 ming 296 so‘m (335 ming 357 kVt soat) miqdorida ziyon yetkazdi.
Shuningdek, mazkur hududdagi yana bir korxona – “LYXKS Transport” MCHJ elektr tarmog‘iga noqonuniy ravishda ulangan. Natijada davlat manfaatlariga 24 million 836 ming 760 so‘m (55 ming 192 kVt soat) miqdorida zarar keltirgan.
Tezkor tadbir mas’ullari Toshkent tumanida ham bo‘lib, u yerda yana bir qonunbuzarlik holatiga yo‘l qo‘yilganiga duch keldi. Xususan, tumanning “Kensoy” MFYda joylashgan “Oltin Shoh Global” MCHJ elektr tarmog‘iga noqonuniy ravishda ulangani tufayli davlat manfaatlariga 88 million 695 ming so‘m (197 ming 100 kVt soat) miqdorida zarar yetkazilgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur uchta holatda davlat manfaatlariga jami 339 million 531 ming 760 so‘m (587 ming 649 kVt soat) zarar yetkazilgan. Ushbu hajmdagi elektr energiyasi 2 ming 938 ta xonadonning bir oylik iste’molidir.
Ayni chog‘da aniqlangan holatlar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘rnatilgan tartibda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
N. Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA