Mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz yillik to‘yi arafasida Andijon tumanida «Andijon dori vositalari tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish» sho‘ba korxonasining yangi ma’muriy binosi hamda ilmiy va sinov laboratoriyasi foydalanishga topshirildi.
Yangi bino ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda so‘z olganlar keyingi yillarda mamlakatimizda, xususan, Andijonda farmatsevtika sohasi jadal rivojlanib borayotganligi, mazkur yo‘nalishda yangi yangi loyihalar, yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilayotganligi ta’kidlandi.
- Umumiy qiymati 8,3 million AQSH dollariga teng mazkur loyiha ana shu yo‘nalishdagi ishlarga bir misoldir, - deydi «Andijon dori vositalari tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish» sho‘ba korxonasi rahbari Noibjon Mamatov. – Ayniqsa, korxonamiz qoshida xalqaro standartlarga to‘la javob beradigan ilmiy va sinov laboratoriyasining tashkil etilishi imkoniyatlarimizni yanada kengaytiradi.
Xitoy, Yaponiya va Germaniya davlatlaridan olib kelingan zamonaviy asbob-uskuna va jihozlar bilan ta’minlangan ilmiy va sinov laboratoriyasi nafaqat Andijon, balki Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ishlab chiqrilayotgan tibbiy jihoz va dori-darmonlarni xalqaro andozalar darajasida tekshiruvdan o‘tkazish imkonini beradi.
Foydalanishga toppshirilgan yangi binoda karxona tasarrufidagi dori vositalari va tibbiy buyumlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, dori vositalari va tibbiy buyumlar ekspertizasi va standartlashtirish, shuningdek, ilmiy, klinik tadqiqotlar markazlari, maxsus reaktivlar ishlab chiqarish laboratoriyasi, ko‘rgazma zali uchun ham alohida moslashtirilgan xonalar ajratildi.
Shuningdek, tadbir doirasida “Andijon dori vositalari tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish» sho‘ba korxonasi hamda Andijon tumani hokimligi hamkorligida korxonaning 13 nafar ishchisi hamda tumandagi turli mahallalarda yashovchi 14 ta kam ta’minlangan oila farzandlariga sunnat to‘yi o‘tkazib berildi. To‘ybolalarga sovg‘a-salomlar ulashildi.
Eng asosiysi, mustaqillik bayrami arafasida faoliyatini yangi binoda boshlagan korxonaning imkoniyatlari kengayishi hisobiga 100 nafar kishi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.
Tadbirda Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov so‘zga chiqdi.
[gallery-3631]
F. UBAYDULLAEV,
Z.UMRZOQOV (surat),
O‘zA