O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari F.Samatov Surxondaryo viloyatida bo‘lib, sanoat va eksportyor korxonalarda sohaga oid masalalarni o‘rgandi. Mavjud muammolarning yechimini topishga ko‘maklashdi.
Termiz tumanidagi “SURXON SENDVICH” mas’uliyati cheklangan jamiyati bazalt tolasi ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. O‘rganish chog‘ida korxona ishlab chiqarayotgan 11 turdagi bazalt tolasi mahsulotlari sertifikatlashtirildi. Endilikda korxona muvofiqlik sertifikati orqali sifatli, xavfsiz mahsulotlarini ichki va tashqi bozorga sotishni boshlaydi. Shuningdek, korxonaning sinov laboratoriyasida sinovlarni xalqaro standarlar asosida olib borish, laboratoriyaning texnik jihatdan malakaliligini ma’qullashdan o‘tkazish bo‘yicha yaqindan yordam ko‘rsatish uchun Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining Surxondaryo viloyat bo‘limidan mas’ul mutaxassislar biriktirildi. Ishlab chiqarayotgan mahsulotlarining xalqaro bozorlarda sotilishi uchun korxonada xalqaro standartlarga muvofiq bo‘lgan sifat menejment tizimi ya’ni, ISO 9001 xalqaro standartini joriy etish maqsadida “Uz Test” davlat muassasasi Surxondaryo filialining mas’ul mutaxassislari jalb etildi.

Qumqo‘rg‘on tumanidagi “QUMTEX INVEST” mas’uliyati cheklangan jamiyati qiymati 73,5 million dollarlik korxona barpo etib, to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarmoqda. Zamonaviy korxona mahsulotlarini jahon bozoriga olib chiqishni ta’minlash maqsadida ISO 9001, OEKO-TEX, BSCI xalqaro standartlarini joriy etish va sertifikatlashtirish ishlariga yordam berish uchun Texnik jihatdan tartibga solish agentligining menejment tizimlarini joriy etishni muvofiqlashtirish bo‘limi mas’ullari bilan o‘zaro aloqa o‘rnatib berildi.

– Jarqo‘rg‘on tumanidagi “SURHANCEMENTINVEST CHET EL KORXONASI” mas’uliyati cheklangan jamiyati ishlab chiqarayotgan sementni eksportga yo‘naltirmoqda, – deydi Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining Surxondaryo viloyat bo‘limi boshlig‘i G‘ayrat Karimov – Inspeksiya korxonadagi sinov laboratoriyasining texnik jihatdan malakaliligini ma’qullashiga kelishib olindi.


O‘tgan yil Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining Surxondaryo viloyat bo‘limi xodimlari viloyatda texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasida qonunbuzilishlarning oldini olish uchun 600 ta tadbirkorlik sub’ektida profilaktik tadbir o‘tkazdi. Tarqatma materiallar bilan ta’minladi. Xavf tahlillari asosida tadbirkorlik sub’ektlariga 960 ta ogohlantirish xati yubordi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri