Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korxona va tashkilotlarda o‘tgan 2022 yil davomida 81 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan
14:46 / 2023-03-29

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan brifing Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasining 2022 yildagi faoliyati yakunlariga bag‘ishlandi.

Unda inspeksiya axborot xizmati rahbari Malika Mirjamolova o‘tgan yilda tashkilot tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi.  

Ta’kidlanganidek, Prezidentimizning joriy yil 25 yanvardagi farmoni bilan Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasiga o‘zgartirildi hamda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tarkibiga kiritildi.  

– O‘tgan yil davomida Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi xodimlari tomonidan nazorat ostidagi korxona va tashkilotlarda sanoat radiatsiya va yadro xavfsizligi bo‘yicha 3 mingdan ziyod davlat nazorati, 8 ming 400 dan ortiq nazorat-profilaktika tadbirlari o‘tkazildi, – dedi M.Mirjamolova. – Natijada sanoat, radiatsiya xavfsizligi talablari va yer osti boyliklaridan foydalanish sohasida 53 mingdan ortiq qoida buzilish holati aniqlandi. 32 ta korxonada ishlar vaqtincha to‘xtatib qo‘yildi. 3 mingga yaqin muhandis-texnik va rahbar xodimga nisbatan 2 milliard 193 million so‘m jarima miqdorida ma’muriy jazo choralari qo‘llanildi. Nazorat ostidagi korxona va tashkilotlarda o‘tgan 2022 yil davomida umumiy 81 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lib, 28 ta hodisa oqibati o‘lim bilan tugagan, 5 tasi guruhiy va 48 holatda insonlar turli darajada tan jarohatlari olgan.  

Shuningdek, brifingda joriy yilda amalga oshirilayotgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tildi. Unga ko‘ra, 2023 yilning hozirgi vaqtiga qadar Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi xodimlari tomonidan nazorat ostidagi korxona va tashkilotlarda 70 ta davlat nazorati, 195 ta nazorat-profilaktika tadbiri o‘tkazildi.  

Aniqlanishicha, bunda sanoat, radiatsiya xavfsizligi talablari va yer osti boyliklaridan foydalanish sohasida 531 qoida buzilish holatiga yo‘l qo‘yilgan. Bu holatlar sabab 1 ta korxonada ishlar vaqtincha to‘xtatildi va 28 nafar muhandis-texnik va rahbar xodim jarimaga tortilgan.  

 

Nasiba Ziyodullayeva,  

O‘zA