Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Korxona va inshootlarda ekologik talablarga rioya qilinyaptimi? 
17:48 / 2025-08-27

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi rahbari Abdushukur Hamzayev boshchiligidagi deputatlar Javlon Abdullayev hamda Oybek Otamuratovlardan iborat ishchi guruh Xorazm viloyatida o‘rganishlar olib bormoqda.

Jumladan, ishchi guruhi Xonqa tumanidagi oqova suv tozalash inshooti faoliyatini o‘rgandi. Mazkur suv tozalash inshooti yangidan barpo etilgan bo‘lib, loyihaga jami 46,5 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgan. 12,2 km oqova suv tarmoqlari qurilgan bo‘lib, kuniga 4 ming metr kub oqova suvni tozalash quvvatiga ega. Shuningdek, 2 ta oqova suvni haydash inshooti ham barpo etilgan. Natijada tuman markazidagi ta’lim va tibbiyot muassasalari, tadbirkorlik sub’ektlari hamda 28 mingdan ortiq aholi ilk bor markazlashgan oqova suvlarni tozalash xizmatidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Fraksiya rahbari Abdushukur Hamzayev suv tozalash inshooti faoliyatida ekologik talablarga rioya qilish, aholiga noqulaylik tug‘dirishining oldini olish bo‘yicha qator tavsiyalar berib o‘tdi.

Ishchi guruhi Shovot tumanida ham bo‘lib, bir qator korxona va fermer xo‘jaliklari faoliyati bilan tanishdi. Xususan, Turkiston mahallasidagi “Yevrotex” MCHJda bo‘lgan xalq vakillari ishlab chiqarish jarayoni, korxonaning ekologik talablarga muvofiqligi hamda kelgusida samaradorlikni yanada oshirish masalalariga e’tibor qaratdilar.

Mazkur korxona 2012 yil sentyabr oyida ishga tushirilgan bo‘lib, asosan ip-kalava ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Hozirda korxonada oyiga 2000 tonnaga yaqin ip-kalava mahsuloti ishlab chiqarilmoqda va bu jarayonda 1 ming 800 nafardan ortiq ishchi-xodim mehnat qilyapti.

Ishchi guruh vakillari “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chatchilikka ixtisoslashgan “Anor” fermer xo‘jaligi faoliyatini ham o‘rgandi. Ma’lum qilinganidek, ushbu fermer xo‘jaligi yashil zonalarni kengaytirish, ekologik muhitni yaxshilash va hududni obodonlashtirishda faol ishtirok etib kelmoqda. Xo‘jalikning 23 gektar yer maydonida 15 turdan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari, turfa xil gullar ekilgan. Kelgusida xo‘jalik hududini kengaytirish va yoshlarni ko‘chat yetishtirish jarayoniga keng jalb qilish rejalashtirilmoqda. Xo‘jalik rahbari Bozorvoy Oqmonov boshchiligida amalga oshirilayotgan amaliy ishlar ishchi guruh tomonidan yuqori baholanib, ko‘chatchilik hududini kengaytirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Muhtarama Komilova, O‘zA